Tuproqqalʼa tumanida quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

0
57
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida 29 fevral kuni “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, davlatimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda hududlarda birgina quyosh va shamol generatsiya quvvatlarini ishga tushirish uchun 2 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada Buxoro, Jizzax, Qashqdaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 2,6 Gigavatt boʻlgan 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi.

Yana bir muhim jihati, bu loyihalar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar bilan sheriklikda amalga oshirilayotir.

Marosimda davlatimiz rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi.

– Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar – zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat boʻladigan asosiy “drayver”lardan biridir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muqobil energetika hisobiga bu yil respublikaning elektr generatsiyasida “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi taʼkidlandi. 2030 yilga borib, aholisi 40 milliondan ortadigan Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun zarur boʻlgan energiyaning 40 foizini “yashil energiya” hisobidan qoplash maqsad qilingan.

Bu borada aholi manfaatdorligini oshirish uchun oʻtgan yili “Quyoshli xonadon” dasturi boshlandi. 14 milliard soʻm imtiyozli resurslar ajratildi, soliq imtiyozlari berildi. Shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha elektrni davlat tomonidan kafolatli xarid qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bu oʻz samarasini bera boshladi. Jumladan, Xorazmda ham 2 mingdan ziyod xonadon va 855 ta tadbirkorlar 15 megavattli quyosh panellarini oʻrnatib, ular tomonidan ehtiyojidan koʻp ishlab chiqarilgan 320 ming kilovatt-soat elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olindi.

Endi bu sohada yana bir majmua – Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan Tuproqqalʼa tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha boʻladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi isteʼmolining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqalʼa tumanining elektrga boʻlgan yillik 135 million kilovatt soat talabi toʻliq qondiriladi.

Shu bilan birga, isteʼmoldan ortgan 40 foiz energiyani qoʻshni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo boʻladi. Yaʼni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyiha orqali 76 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, mazkur loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qoʻllanadi. Bu bir maydonning oʻzida energiya va qishloq xoʻjaligini birlashtirish usuli boʻlib, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari bunday innovatsion loyihalar Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi koʻpqirrali hamkorlikni mustahkamlashga  xizmat qilishini taʼkidlab, investor va muhandislarga minnatdorlik bildirdi.

Barchangizni nafaqat Xorazm viloyati, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyotiga yangi ruh va nafas olib kiradigan mana shunday yangi quvvatlar bilan tabriklayman, – dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.