Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu haqda shu yil 3 iyun kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishi hamda tadbirkorlar bilan muloqotda topshiriq berilgan edi. Ushbu topshiriqlar va bildirilgan takliflar asosida soha rivojiga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Xususan, xorijiy turistlarni yurtimizga jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million dollar qiymatida alohida kredit liniyasi ochilmoqda. Bu kreditlar milliy valyutada yillik 17 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.
Salohiyati yuqori boʻlgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari barpo etiladi. Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika byudjetidan 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ularning har biriga 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda soligʻi 50 foizga kamaytirish kabi choralar bor.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning milliy turizm brendini yaratish zarurligini taʼkidlagan edi. Shunga muvofiq, maqsadli bozorlar talablaridan kelib chiqib, yurtimizdagi turizm turlari toʻgʻrisida kontentlar yaratiladi. Ular xalqaro media va ijtimoiy platformalar, jahon sport va sanʼat tadbirlarida targʻib qilinadi. Bunga auditoriyasi katta boʻlgan xorijiy jurnalist, bloger va inflyuenserlar ham jalb qilinadi.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia, temir yoʻl va avtobus qatnovlari haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Avia, temir yoʻl va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi. Umumxalq bayramlari kunlarida qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Bular haqda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.
Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim. Kelayotgan oʻquv yilidan boshlab, bu borada ham qator yangiliklar moʻljallanmoqda.
Jumladan, turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohasida oʻquv dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi taʼlim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtiriladi. Bu sohada oliy taʼlim toʻrt yillikdan uch yillikka oʻtkaziladi. Talabalarga bir vaqtning oʻzida ixtisosligi boʻyicha ishlab, kasbiy koʻnikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Andijon, Buxoro, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Sharqshunoslik, Jahon tillari va “Ipak yoʻli” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlar boʻyicha hujjat ishlab chiqib, ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.