Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega boʻla turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan toʻliq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma oʻz bilganicha faoliyat yuritib keldi.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida belgilandi. Prezidentning 2017 yil 16 avgustidagi qarori bilan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Joriy yil fevral oyining oʻzida Prezidentning shu sohaga doir 4 ta muhim farmon va qarori qabul qilingani davlatimizning turizm rivojiga yuksak eʼtiboridan dalolat boʻldi. Ushbu qarorlar bilan sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga koʻplab imtiyozlar, yengilliklar berildi.
Shavkat Mirziyoyev turizmning iqtisodiyotdagi oʻrnini alohida taʼkidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi.
Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim oʻrinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi.
Joriy yilning 10 fevralidan boshlab, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz boʻlishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018 yil 1 iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi.
Yigʻilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda toʻliq ishga tushirish, jahon tajribasini oʻrgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Turistlar mamlakatimizga kelgandan soʻng yashash joyi boʻyicha 3 kun ichida roʻyxatdan oʻtishi zarurligi ularga noqulaylik tugʻdirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini taʼminlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson boʻlmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish oʻrinlari ochamiz desak, turistga shart qoʻyish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois roʻyxatga olish tizimini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda 2017 yilda Oʻzbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu koʻrsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini koʻrish, davolanish, oʻqish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar koʻpchilikni tashkil etishi taʼkidlandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda turizmning barcha istiqbolli yoʻnalishlarida sayyohlar sonini koʻpaytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qoʻyildi.
Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratildi.
Jahon sayyohlik tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasinig bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yoʻlovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish boʻyicha natijali ish olib borilmayapti.
Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qoʻyildi. Ularga muvofiq aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud boʻlgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.
Chet el tajribasini oʻrganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qoʻllanadi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan Oʻzbekistonga kelish uchun iyun oyigacha boʻlgan aviachiptalar sotib boʻlingan. Shu bois viza rejimi bekor boʻlgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar ochiladi.
Prezident sayyohlarning kayfiyatiga taʼsir qiladigan eng kichik jihatlargacha eʼtibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari toʻliq ishlamasligi, uzundan-uzoq sunʼiy navbatlar, taksi xizmati koʻrsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash boʻyicha ham topshiriqlar berildi.
Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, koʻrsatiladigan xizmat turlarini koʻpaytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni koʻpaytirish, shu bilan birga, bu yoʻnalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yoʻllar boʻyida sanitariya-gigiyena shahobchalarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini koʻpaytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Dyuti fri”, “Taks fri” tizimidagi savdo shahobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.
Videoselektor yigʻilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam taʼminlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini anʼanaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablagʻlarida sayohat uchun xarajatlar ulushini koʻpaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ziyorat turizmi boʻyicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yoʻnalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tarkibida Ziyorat turizmini qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi.
Yigʻilishda bu boradagi imkoniyatlardan toʻla foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd qilindi.
Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar koʻp, dedi Shavkat Mirziyoyev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targʻib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, yaʼni Buxorodagi “Yetti pir” va Samarqanddagi “Xoʻja Ahror Valiy” ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Inganakiy maqbaralari taʼmirga muhtoj.
Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yoʻllar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Oʻzbekiston turizm brendini xorijda targʻib qilish masalasi ham tahlil qilindi.
Mamlakatimiz investitsiya, savdo va turizm salohiyatini oʻzaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi taʼkidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga Oʻzbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targʻib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli koʻrsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi.
Xorij davlatlardagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targʻibotchilari boʻlishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qoʻshishi zarurligi taʼkidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yoʻnalishlar belgilab berildi.
Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.