Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha. U daromadliligi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turadi. Yana bir muhim tomoni, kam xarajat bilan koʻp ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Mamlakatimizda bu soha izchil rivojlanmoqda. Jumladan, 2022 yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravar oshgan. Soha eksporti 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan. Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani natijasida u yerga qoʻshimcha 2 million sayyoh kelgan.
Aslida mamlakatimizda bu sohadagi salohiyat bundan ancha yuqori. Yurtimizga kelmoqchi boʻlgan sayyohlar juda koʻp. Lekin, ularni qiziqtiradigan joylar haqida kontent kam, turistlarni 4-5 kun olib qoladigan dasturlar yetishmaydi. Samolyot va poyezdga biletni bir necha oy oldindan sotib olishda noaniqliklar koʻp.
Yigʻilishda soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan shu kabi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Uzoq xorijliklar uchun Oʻzbekistonning darvozasi bu – aeroport. Soʻnggi yillarda 5 ta yangi xususiy aviakompaniya tashkil qilindi, aviatsiya parkimiz 44 taga yetdi. Oʻtgan yili Samarqand aeroporti “beshinchi osmon” rejimida ishlashiga oʻtgani hisobiga, haftalik aviaqatnovlar soni 46 tadan 78 taga, yoʻlovchi oqimi esa 6,5 mingdan 10 mingtaga koʻpaydi.
Lekin, ichki reyslar taqchilligi haftasiga Nukus va Urganchga 20 tani, Samarqandga 15 tani, Buxoro va Termizga 11 tani tashkil qilayapti. Shu kabi, temiryoʻlda haftasiga 68 ta qoʻshimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi.
Shu bois yil yakunigacha yana 20 ta zamonaviy samolyot olib kelib, aviaqatnovlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi, ayrim yoʻnalishlar boʻyicha aviachipta xarajatining bir qismiga subsidiya berilishi aytildi.
Shuningdek, bu yil 8 ta elektr poyezd olib kelinadi. Turoperator, mehmonxona va tashuvchilarga 10 va undan ortiq oʻrindiqli avtotransportlar olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi. Qamchiq dovonida mikroavtobus, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnoviga ruxsat beriladi.
Turizmda yana bir muhim omil bu mehmonxona. Bu borada keng imkoniyat yaratilgani hisobiga, soʻnggi besh yilda mehmonxona oʻrinlari 2 baravar oshib, 60 mingtaga yetgan.
Davlatimiz rahbari xorijiy konsalting kompaniyalarni jalb qilib, mehmonxonalardagi sharoitlarni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ular uchun qoʻshimcha kredit resurslari ajratish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda turizm dasturlarining mazmuniga ham eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, xorijiy sayyohlarning Oʻzbekistonda bir kun koʻproq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshiradi.
Misol uchun, Xorazmda xorijiy turistlar Buxoro va Samarqandga qaraganda 2 baravar kam bormoqda. Lekin, Xorazmda sayyohlarni 3-4 kun olib qolish uchun barcha imkoniyat mavjud.
Yoki, oʻtgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilingan edi. Bu imtiyozlardan 4 mingga yaqin korxona foydalanib, tovar aylanmasi 1,5 baravar oshgan.
Sayyohlarni koʻproq vaqt olib qolishda yetishmayotgan narsa bu qiziqarli dasturlar va targʻibot. Shu bois yigʻilishda bu borada koʻmaklashishga 11 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirildi. Ular 31 ta tuman va 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumotlar majmuini yaratadi. Ular asosida 12 ta tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Turizm va servis obyektlari ishchilari oʻqitiladi.
Mutasaddilarga mehmonxona, madaniyat, tabiat, etno va gastronomik markazlarni bogʻlaydigan turizm klasterlari tashkil etish, “turistlar uchun mehmondoʻst muhit sertifikati”ni joriy qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda turizm dasturlari asosan aprel-may va sentyabr-oktyabr oylariga moslashgan. Lekin bu mavsumni uzaytirish uchun yetarli imkoniyat bor.
Masalan, qishda Toshkent va Jizzax viloyatlarida changʻi, boshqa joylarda yozda choʻmilish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qoʻshish mumkin. Shuningdek, yozda 22 ta qoʻriqxona, 24 ta milliy tabiat bogʻi va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan ham foydalansa boʻladi.
Shu kabi manbalar asosida, yozgi va qishki mavsumlarga moʻljallangan loyihalar ishlab chiqish, turistik mavsum boʻlmagan kunlarda sayyohlar uchun qiziqarli festival va madaniyat tadbirlari tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.
Yana bir masala – mamlakatimizda 8 mingdan ziyod madaniy meros obyektlari va 122 ta muzey bor. Yoshlar uchun adabiyot, tarix, geografiya, tasviriy sanʼat kabi fanlarni ushbu maskanlarda tashkil etish maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.
Bu yil yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yigʻilishi oʻtkaziladi. Samarqand 2023 yilda Jahon turizm poytaxti boʻladi.
Davlatimiz rahbari bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Shu maqsadda marketing va reklama bilan sayyohlarni jalb qilish uchun 100 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. “Oʻzbekiston tashrif qogʻozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xalqaro telekanallar va internet platformalarida Oʻzbekiston haqidagi reklama roliklarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.
Umuman, bu yil 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazir va hokimlar, tadbirkorlar oʻz fikr va takliflarini bildirdi.