Turizmni rivojlantirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi

0
265
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 aprel kuni turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Dunyoda pandemiya paytida oʻrnatilgan cheklovlar birin-ketin kamayayotgani tufayli turizm industriyasi tiklana boshlayapti. Joriy yil birinchi chorakda yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravardan ziyod turistlar kelgan. Keyingi oylarda yanada koʻp turistlar kelishi kutilmoqda.

Yigʻilishda turizm infratuzilmasining bunga tayyorlik darajasi tahlil qilinib, kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, Qoraqalpogʻiston, Andijon va Qashqadaryoda mehmonxona oʻrinlari yetishmaydi. Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida katta imkoniyatlardan foydalanilmayapti. Yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam. “Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarni joriy qilish ishlari sust.

Hududlardagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning 18 tasidan foydalanilmoqda, xolos. Misol uchun, Qamchiq dovonida joylashgan Arashan koʻllari suvining harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda boʻlib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi. Yoki, Chimboy, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpirda yer ostidan 40-70 gradus issiqlikda chiqadigan termal buloqlar atrofida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish mumkin.

Sayyohlarni jalb qilishda yurtimizdagi 122 ta muzey salohiyatidan ham foydalanilmayapti. Ularda 2 million 500 mingdan ortiq ashyolar boʻlib, shundan 112 mingtasi jahon tarixi va madaniyati uchun ham noyob hisoblanadi.

Yigʻilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, turizm sohasida pandemiyagacha boʻlgan koʻrsatkichlarni tiklash, xizmatlar koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Avvalo, har bir viloyatda turistlarni oʻziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Masalan, Namangandagi “Afsonalar vodiysi”, Boʻstonliqdagi “Amirsoy” majmualariga kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar boradi. Xorijiy investorlar ishtirokida Xonobodda yana bir shunday loyiha boshlangan.

Prezident yurtimizda bunday joylar koʻpligini taʼkidlab, qator imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi. 

Xususan, Boysunda dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri hisoblangan Boybuloq, neandertal odam qoldigʻi topilgan Teshiktosh gʻorlari, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi boʻlmish Uzundara qalʼasi bor. Tumanning tabiati, iqlimi ham zoʻr. U yerda mehmonxona, kemping, “dor yoʻli”, turistlar uylari tashkil etish orqali 500 ming sayyohni jalb qilsa boʻladi.

Bunday imkoniyatlar Boʻstonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqoʻrgʻondagi Nanay, Popdagi Chodak qishloqlarida ham bor.

Shuningdek, Nukusdagi Ashshikoʻl, Buxorodagi Zikrikoʻl, Jizzaxda Aydarkoʻl va Tuzkon koʻlida xuddi Chorvoqdagidek choʻmilish zonalari tashkil etish mumkinligi taʼkidlandi.

“Oʻzbekiston turizm magistrali” boʻylab, 31 ta tuman va shahar hududidan oʻtuvchi yoʻllar boʻyida avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilgʻi quyish kabi xizmatlarni qamrab olgan “Karvonsaroy”lar barpo etish choralari belgilandi.

Toshkent shahrida xorijiy turistlar uchun kamida 3 kunga moʻljallangan “1 ming dollarlik xizmatlar toʻplami” shakllantiriladi. Bu dastur yil davomida ishlaydigan akvapark va mavzuli parklar, gastronomik va savdo koʻchalari, jonli ijro konsertlari, shou va festivallarni oʻz ichiga oladi.

Yigʻilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu boradagi koʻrsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyilar ekan, buning imkoniyatlari ham belgilab berildi.

Xususan, 1 iyuldan boshlab, turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, koʻngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yoʻgʻi 1 foizini toʻlaydi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida, bunday qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million soʻmgacha, oʻtov va eko-uylar majmuasiga 300 million soʻmgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million soʻmgacha kreditlar beriladi. Har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan Turizm texnikumlarida bepul oʻqitiladi.

Hokimlarga turizm qishloqlarida yoʻl, elektr energiyasi, ichimlik suvi, aloqa tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi. Bunga joriy yilda respublika byudjetidan 250 milliard soʻm ajratiladi.

Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashtirishga koʻmaklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Turistlarni jalb etish va sayohatlarni mazmunli oʻtkazishda madaniy tadbirlar ham muhim oʻrin tutadi. Yurtimizda 186 xil xalqaro va mahalliy festivallar tashkil etiladi. Ular orqali qoʻshimcha 1 million xorijiy va 5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish imkoniyati bor. Mutasaddilarga ushbu tadbirlarni yuqori saviyada va xavfsiz tashkil etish, butun dunyoga keng targʻib qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Joriy yilda Navroʻz bayrami munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylarda chegirma berilgani, ziyorat obyektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi. Buning natijasida Buxoro va Samarqandga qoʻshimcha 110 ming mahalliy turistlar borgan. Kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham xalqimizga yana 5 kunlik dam olish beriladi.

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Shu maqsadda, bu yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab, yurtimiz boʻylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temir yoʻl va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat obyektlariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.

Muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish ham turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, respublika boʻyicha barcha muzeylar eksponatlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Muzeylarning koʻrgazma maydonlari kamligi sababli atigi 1 foiz eksponat namoyishga qoʻyilgan. Qolaversa, aholining uzoqdagi muzeylarga borish imkoniyati yoʻq. Shuning uchun, “Sanʼatni xalqqa yaqinlashtirish” dasturi doirasida hududlarda muzeylarning koʻchma koʻrgazmalarini tashkil qilish kerakligi aytildi. Yurtimizdagi 4 ming 500 dan ortiq arxeologiya yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish vazifasi qoʻyildi.

Sayyohatlarni tashkil etishdagi eng muhim vositalardan biri transportdir. Hozirgi kunda transport xarajatlarining yuqoriligi xorijiy turistlarni jalb qilishda asosiy toʻsiqlardan biri boʻlib qolmoqda. Xalqaro va mahalliy yoʻnalishlarda “loukoster”lar koʻp emas. Zamonaviy “Afrosiyob” poyezdiga chipta olish uchun bir necha hafta oldin murojaat qilish zarur.

Shu bois, Transport vazirligiga turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sayyohlarning aviaqatnovlarga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 1 iyuldan boshlab, “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga koʻrsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi. 1 oktyabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga moʻljallangan yangi “Silk avia” kompaniyasi tashkil etiladi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot toʻliq ekonom-klassga oʻtkaziladi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari, hokimlar va tadbirkorlar soʻzga chiqib, reja va takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.