Hurmatli Xavfsizlik kengashlari kotiblari!
Muhtaram Bosh kotib!
Hurmatli delegatsiya aʼzolari!
Turkiy sivilizatsiya markazlaridan biri boʻlgan Toshkent shahriga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari ikkinchi yigʻilishining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.
Avvalo, sizlarning timsolingizda hamkasblarim – Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlariga oʻzimning chuqur hurmat-ehtiromimni hamda Oʻzbekiston raisligini qoʻllab-quvvatlaganlari uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
Turkiy davlatlar tashkilotining jadal oʻsib borayotgan salohiyati va obroʻ-eʼtibori – bu bizning doʻstligimiz va birdamligimiz kuch-qudratining hamda faqat birgalikda sezilarli va ulkan natijalarga erisha olishimizning yaqqol tasdigʻidir.
Samarqandda boʻlib oʻtgan tarixiy sammit yakunlari Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab berdi. Qator muhim hujjatlar, jumladan savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Investitsiya fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimlar qabul qilindi.
Soʻnggi yilda Turkiy davlatlar tashkilotida Oʻzbekiston raisligida muhim ahamiyatga molik va keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, hamkorligimiz yanada kengaydi hamda yangi yuksalish surʼatiga ega boʻldi.
Bugungi kunga kelib koʻptomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalish va sohalarini qamrab olgan oʻttizdan ortiq yirik tadbirlar oʻtkazildi.
Tashkilotimizni institutsional jihatdan isloh qilish, “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonning raisligi doirasida mamlakatlarimizning iqtisodiyot, savdo, sogʻliqni saqlash, taʼlim, kosmos, energetika vazirliklari va idoralari hamda maxsus xizmatlari rahbarlarining qator muhim uchrashuvlari oʻtkazildi.
Turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni taqdirlash uchun taʼsis etilgan Alisher Navoiy nomidagi mukofot birinchi marta topshirildi. Oʻzbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻldi, TURKSOY tashkil etilganining oʻttiz yilligi tantanali ravishda nishonlandi.
Biz Tashkilot zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish hamda turkiy mamlakatlarning integratsiya borasidagi salohiyatini barcha sohalarda oshirish boʻyicha izchil ish olib boramiz.
Qadrli yigʻilish ishtirokchilar!
Bugungi anjuman Tashkilot kun tartibidagi oʻta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarimizni barqaror taraqqiy ettirish yoʻllarini izlash boʻyicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda.
Bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qiladi.
Oʻtgan yili Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yigʻilishida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholaymiz.
Ishonchim komilki, turkiy tilli mamlakatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasidagi koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmi Turkiy davlatlar tashkiloti makonida xavfsizlik sohasidagi muloqotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari va aʼzolari!
Ushbu yigʻilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda boʻlib oʻtmoqda. Bugungi kunda jahon prognoz qilish qiyin boʻlgan va hatto oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental oʻzgarishlarni boshidan kechirmoqda.
Xalqaro maydonda oʻzaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda.
Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida masʼuliyat yuklatilmoqda.
Sizlar ishtirok etayotgan yigʻilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda oʻzaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning eʼtiboringizga havola qilinmoqda.
Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bogʻliq boʻlgan keng koʻlamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz.
Ushbu anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy boʻlishini tilayman.
Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali boʻlsin!
=Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti