Turkmaniston milliy koʻrgazmasi ishtirokchilari va mehmonlariga

0
47
marta koʻrilgan.
 

Hurmatli koʻrgazma ishtirokchilari!

Turkmanistonning yetakchi korxonalari, kompaniya va tashkilotlari rahbarlari!

Qadrli doʻstlar!

Turkmaniston Prezidenti hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Toshkentda oʻtkazilayotgan Turkmaniston milliy koʻrgazmasining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini ulkan mamnuniyat bilan samimiy qutlayman.

Oʻzbekiston va Turkmaniston – strategik sheriklardir. Bizning xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, umumiy tarix, din va til, madaniyat, urf-odat va anʼanalar mushtarakligi mustahkam bogʻlab keladi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik qatʼiy siyosiy iroda hamda oliy darajadagi samarali uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlarni birgalikda amalga oshirayotganimiz tufayli izchil rivojlanib, aniq maʼno-mazmun bilan boyib bormoqda.

Hech shubhasiz, oʻzaro hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishini savdo-iqtisodiy soha tashkil etadi. Oʻtgan qisqa davrda biz bu borada haqiqatan ham muhim ahamiyatga molik natijalarga erishdik.

Keyingi yillarda birinchi marta oʻzaro savdo hajmi jadal surʼatlar bilan ortib bormoqda. Mamlakatlarimiz korxonalari va tashkilotlari oʻrtasida iqtisodiyotning anʼanaviy ravishda bir-birini toʻldiradigan tarmoqlarida kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda.

Bu oʻrinda avvalo yoqilgʻi-energetika majmuasi, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, temir yoʻl transportini modernizatsiya qilish va boshqa koʻplab sohalardagi loyihalar haqida soʻz bormoqda.

Biz transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda davlatlarimiz va butun mintaqamizning ulkan tranzit salohiyatini samarali ishga solishga qaratilgan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirmoqdamiz.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatlarimiz biznes hamjamiyatlari oʻrtasidagi izchil ishbilarmonlik aloqalari hamda hududlararo mustahkamlanib borayotgan hamkorlik doirasida keng istiqbollar ochilmoqda.

Muhtaram doʻstlar!

Bundan bir oy oldin Ashxobodda Turkmaniston Prezidentining bevosita qoʻllab-quvvatlashi bilan Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan va u turkmanistonlik sheriklarimizda katta qiziqish uygʻotgan edi.

Bugun biz mamlakatimizning nafaqat ishbilarmon doiralari, balki butun jamoatchiligining eʼtibor markazida turgan Turkmaniston milliy koʻrgazmasini ochmoqdamiz.

Koʻrgazma majmuasida bugungi Turkmaniston iqtisodiyotining ulkan salohiyati va yuksak eʼtirofga molik yutuqlari, uning boy tabiiy, ilmiy va intellektual resurslari, zamonaviy texnologiyalari keng namoyish etilmoqda.

Shu bilan birga, bu yerda tashkil etilgan yorqin ekspozitsiya qardosh turkman xalqining qadimiy va noyob madaniyati hamda anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Turkmanistonning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan barcha yutuqlari hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning chuqur oʻylangan, samarali siyosati natijasi ekanini alohida qayd etishni istardim.

Qadrli koʻrgazma ishtirokchilari va mehmonlari!

Sizlarni ikki tomonlama munosabatlarimizdagi qutlugʻ voqea – Oʻzbekiston poytaxtida Turkmaniston milliy koʻrgazmasi ochilishi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Ishonchim komil, koʻrgazma yakunida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni doʻst xalqlarimiz farovonligi yoʻlida  yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yangi savdo shartnomalari va bitimlar imzolanadi..

Barchangizga koʻrgazmada samarali ish olib borish, muvaffaqiyatli muzokaralar oʻtkazishni tilayman.

Mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!

     Shavkat Mirziyoyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.