Uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi

0
141
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish boʻyicha joriy yilgi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Neft-gaz sanoati aholi va iqtisodiyot tarmoqlari uchun energiya manbai, koʻplab mahsulotlar uchun xomashyo yetkazib beradigan muhim sohadir. Shu bois energetika, neft-gaz, geologiya yoʻnalishlarida chuqur tarkibiy islohotlar, raqobatbardoshlikni kuchaytirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirildi, uning tarkibida boʻlgan “Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari alohida tashkilotlar sifatida qayta tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 18 noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi konlarni aniqlash, uglevodorod xomashyosi zaxiralarini rivojlantirishning barcha tashkiliy-moliyaviy jihatlari belgilab berilgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga joriy yil 24 yanvardagi Murojaatnomasida xorijiy ekspertlarni neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga jalb etib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozimligini taʼkidlagan edi. Yangidan tasdiqlangan hukumat oldiga shu borada ustuvor vazifalar qoʻyildi.   

Yigʻilishda neft-gaz sohasida joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yaratilgan sharoitlarga qaramay, tizimli muammolar barham topmayotgani, boshqa tarmoqlar rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlab oʻtildi.

– Bir narsani hammamiz tushunib olishimiz lozim. Biz sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha oʻtgan uch yilda koʻpgina chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etdik. Lekin natijalarni tahlil etadigan boʻlsak, hali neft-gaz, elektr energiyasining barqaror taʼminotida xalqimiz, tadbirkorlarimiz talabini toʻla qanoatlantira olmayapmiz. Shuning uchun, har bir masalaga chuqur eʼtibor qaratib, yangicha yondashuvlar asosida samarali ish tizimini tashkil etishimiz kerak. Agar bu vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirmasak, iqtisodiyotimizda koʻzlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz, — dedi davlatimiz rahbari.

Korxonalarni modernizatsiya qilish ishlari yetarli emasligi, gaz yetkazib berishda yoʻqotish koʻpligi hamda uzilishlarga yoʻl qoʻyilayotganligi koʻrsatib oʻtildi.

Energetika vazirligiga joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilgʻi mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun tabiiy gaz qazib olishni 2019 yilgiga nisbatan 4 milliard kub metrdan ziyod koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish oraligʻidagi texnologik sarf va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Neft-gaz sohasini isloh qilish boʻyicha “loyiha ofisi”ga ilgʻor xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish, korxonalarda rahbar xodimlarning maoshini faoliyat samaradorligini baholash koʻrsatkichlariga (KPI) bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha “komplayens nazorat” tizimi joriy etilishi belgilandi.

“Oʻzbekneftgaz” kompaniyasiga har bir konning holatini tanqidiy tahlil qilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi.

Aholining suyultirilgan gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini barpo etish va modernizatsiya qilish boʻyicha 3 ta loyihani yakunlash lozimligi qayd etildi. 

Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) ishlab chiqarish zavodi qurilishining borishi koʻrib chiqildi. Soha korxonalarida “raqamli kon”, xoʻjalik boshqaruvi va resurslarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish dasturlarini (ERP) joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

“Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlariga joriy yil iyul oyiga qadar 2,5 mingta yirik isteʼmolchini tabiiy gaz hisobini yuritishning onlayn tizimiga ulash vazifasi yuklatildi. Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida kamida 2 million isteʼmolchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar oʻrnatish zarurligi qayd etildi.

 Yigʻilishda muhokama qilingan chora-tadbirlarni jadallashtirish boʻyicha masʼullar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.