Ulugʻbek shaharchasi olimlar shaharchasi boʻladi

0
121
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida. 

Energiya hosil qiluvchi quvvatlarni koʻpaytirish, energetika sohasini diversifikatsiya qilish maqsadida mamlakatimizda atom energiya stansiyasi qurishga kirishildi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan bu vazifani amalga oshirish uchun zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan mutaxassislar talab etiladi. Shu bois Toshkentda Moskva muhandislik-fizika instituti filialini ochish moʻljallanmoqda. Ushbu taʼlim muassasasini Yadro fizikasi instituti hududida joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu boradagi loyihalar bilan tanishdi. Oʻquv binolari va laboratoriyalarni jahon standartlari asosida qurish, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash zarurligini taʼkidladi.

Maʼlumki, Yadro fizikasi instituti poytaxtimizning Ulugʻbek shaharchasida joylashgan. Davlatimiz rahbari ushbu shaharchaning Bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.

«Bu shaharcha olimlar shaharchasi boʻlishi kerak. Yaqin vaqtlarda bu yerga boshqa ilmiy-tadqiqot institutlarini ham koʻchiramiz. Olimlar uchun, ilm-fan rivoji uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shaharcha hududini kengaytirib, institutlar uchun binolar, yangi uy-joylar, maktab va dam olish maskanlari qurish, shahar markazi bilan transport qatnovini yaxshilash, yer usti metrosi olib kelish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.