Qadrli farzandlarim!
Avvalo, mana shu quvonchli ayyomda yetuklik shahodatnomasini qoʻlga olib, mustaqil hayotga qadam qoʻyayotganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar orziqib kutgan 25 may sanasida mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar yangrab, qariyb 392 ming nafar yoshlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Ayniqsa, 12 mingdan ortiq bitiruvchilarimiz oʻqishni oltin, 2 mingdan ziyodi kumush medal bilan yakunlayotgani bayram shukuhini yanada oshirmoqda.
Albatta, bularning barchasi nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonli voqealardir.
Sizlarni zamonaviy taʼlim olib, kasb-hunar oʻrganib, jamiyatimizda munosib oʻrin egallashingiz uchun yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda.
Hech shubhasiz, oʻz bilim va isteʼdodini Vatanimizga munosib farzand boʻlishdek maqsadlarga sarflashga bel bogʻlagan siz kabi yoshlar – yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.
Aziz oʻgʻil-qizlarim!
Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor berayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum. Xususan, Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili deb nom olgan 2023 yilda maxsus davlat dasturini qabul qilib, soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi oʻrni va obroʻ-eʼtiborini oshirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim maktablari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan birga koʻplab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat yuritmoqda.
Birgina oʻtgan yili 3,2 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 807 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bu yil esa oʻrta taʼlim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berildi.
“Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz oʻrtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, sanʼat va sport toʻgaraklariga faol jalb etish boʻyicha izchil ish olib borilmoqda.
Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida yurtimiz oʻquvchilari joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgani, 6 nafar isteʼdodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgani barchamizni xursand qiladi.
Shuningdek, oʻquvchilarni maktab davridayoq kasbga ega boʻlishlari uchun 11-sinfni hayotga yoʻllanma beruvchi sinf deb belgilab, yoshlarga kamida ikkita chet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb oʻrgatish tizimi joriy qilinmoqda.
Hurmatli bitiruvchilar!
Keyingi paytda Oʻzbekiston unib-oʻsib kelayotgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga oʻzingiz tanlagan sohalar boʻyicha yetuk kadr va malakali mutaxassis boʻlish uchun imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Talabalarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqib, oliy maʼlumot olishini taʼminlash maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy taʼlim shakli faoliyat koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan monomarkazlar, Ay-Ti va texnoparklar bunyod etilishi ularning oʻz bizneslari bilan shugʻullanishiga xizmat qilmoqda.
Sizlarning jamiyatda munosib oʻrningizni egallashingiz uchun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ham yaqin koʻmakchi va maslahatchi boʻladi. Bunday ezgu maqsad yoʻlida ularning eshiklari doimo sizlar uchun ochiqdir.
Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilib, oʻz bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshasiz.
Bugun maktabni tugatib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va eʼtiborida boʻlishini yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman.
Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yanada ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib oʻrningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz.
Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani soʻrayman: tinimsiz oʻqib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo toʻxtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qatʼiy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz.
Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch boʻlib harakat qilishingizga ishonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz.
Ana shunday sharafli va masʼuliyatli yoʻlda barchangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, shaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman.
Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutlugʻ va barakali boʻlsin, aziz oʻgʻil-qizlarim!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti