Umumiy oʻrta taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish vazifasi qoʻyildi

0
154
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy oʻrta taʼlim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida. 

Keyingi yillarda taʼlim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish boʻyicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Xalq taʼlimi vazirligining boshqaruv tizimi takomillashtirildi, asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi. Yaqinda vazirlik rahbariyatida oʻzgarishlar amalga oshirilib, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish orqali taʼlim sifatini oshirish boʻyicha koʻplab vazifalar qoʻyildi. 

Yigʻilishda ushbu koʻrsatmalar asosida ishlab chiqilgan xalq taʼlimi tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti oʻtkazildi. 

Prezident pedagoglarning oylik maoshini, jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Turli nazorat organlari tomonidan oʻqituvchilar faoliyatini tekshirishlarni cheklash, pedagoglarni obodonlashtirish, majlislarda qatnashish, obuna va shu kabi kasb faoliyatiga tegishli boʻlmagan ishlarga jalb qilmaslik kerakligi taʼkidlandi. Oʻqituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmat tashkil etish vazifasi qoʻyildi. 

“Umumiy oʻrta taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish kerak. Har bir sinfda bolalarning nimalarni bilishi zarurligidan kelib chiqib, davlat taʼlim standartlari va oʻquv rejalarini qayta koʻrib chiqish lozim. Darsliklarni eng zamonaviy metodikalar asosida yaratish va chop etish, maktablarda texnologiya, muxandislik fanlari, matematika, sanʼat, chet tillari yoʻnalishlarini kuchaytirish, bu boradagi laboratoriyalarni qayta jihozlash talab etiladi. Maktabgacha taʼlim va oliy taʼlim tizimlari bilan uzviylikni taʼminlashga ham eʼtibor berish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Umumtaʼlim maktablari direktorlari va oʻrinbosarlariga boʻlgan talabni qayta koʻrib chiqish, bu lavozimga haqiqiy boshqaruvchilik – menedjerlik qobiliyatiga ega shaxslarni tayinlash, maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari masʼuliyatini keskin oshirish kerakligi qayd etildi. 

Xalq taʼlimi tizimini moliyalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2019 yil uchun davlat byudjetini shakllantirishda mazkur sohaga moliyalashtirishni oshirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun Xalq taʼlimi vazirligi qoshida alohida jamgʻarma tashkil etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini sifatli bajarish uchun xalq taʼlimi tizimida maxsus injiniring kompaniyasi tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.  

Shuningdek, taʼlim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, maktablarning byudjetdan tashqari topayotgan daromadlarini ularning ixtiyorida qoldirish, maktablarda ichki jamoaviy nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish, namunaviy maktablarni koʻpaytirish maqsadida maktablar reytingini ishlab chiqish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.  

Yigʻilishda muhokama qilingan yoʻnalishlar boʻyicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi va tegishli topshiriqlar berildi. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.