Urganch shahrida yana bir kitob doʻkoni ish boshladi. Bugungi kunda Xorazm viloyatida ana shunday ziyo maskani 45 taga yetdi. Ularning aksariyati tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan tashkil etilmoqda.
Urganch shahridagi “Istiqlol” mahallasida joylashgan tadbirkor Dushamova Robiyaning «Kitob nur» doʻkonining ochilish tantanasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi X.Bektemirov, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoki viloyat Kengashi raisi M.Masharipov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ranojon Zaripova soʻzga chiqdilar.
Soʻzga chiqqanlar kitob qalblarni nurlantiruvchi, bilimni, mushohadani boyitguvchi eng yaxshi manbaa ekanligini taʼkidlashdi.
Shuningdek, tadbirda oʻtgan oʻquv yili mobaynida hamkorlikda umumtaʼlim maktablarida amalga oshirilgan “Kitob bebaho xazina» aksiyasi doirasida eng koʻp mutolaachisi boʻlgan taʼlim maskanlariga 300 ming soʻmlik sertifikatlar topshirildi.
Elyor Palvanov