Urganch shahridagi “Nihol” nodavlat innovatsion maktabi

0
983
marta koʻrilgan.

Urganch shahridagi “Nihol” nodavlat taʼlim markazi 2019-oʻquv yilida innovatsion maktabga aylantirildi. Ayni kunda bu yerda sinfdan tashqari oʻquvga yoʻnaltirilgan turli  toʻgaraklar bilan birga 1-oʻzbek sinfi va 1- rus sinfi ham faoliyat yurityapti.

Ushbu innovatsion maktab  koʻplab tanlovlarda qatnashib gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelmoqda. Masalan, oʻtgan yili Turkiyadagi mental matematika boʻyicha xalqaro tanlovda  maktab oʻquvchilari sovrunli oʻrinlarni egallashdi.

Taʼlim muassasida  har bir oʻqituvchining oʻziga xos fazilatlari, taʼlim usullariga alohida eʼtibor beriladi. Masalan, Shaxnoza Pirmatova Ravshan qizi “Yilning eng izlanuvchan oʻqituvchisi” deya eʼtirof etilgan. Oʻzbek allomalari va jahon buyuklarining eʼtiborga molik soʻzlarini yigʻib boradi va taʼlim jarayonida uni bolalar ongiga singdirishga intiladi.

 Quyida Shaxnoza Pirmatovaning «Taʼlimga qoʻshimcha qoʻllanma» albomidan olingan AQSHning oʻn oltinchi prezidenti hamda Respublikachilar partiyasining ilk prezidenti Abraham Linkolnning maktubidan parchani eʼtiboringizga havola etmoqdamiz. Linkoln bu maktubni oʻzining besh yoshli oʻgʻilchasi Uilyamning oʻqituvchisiga yozgan ekan…

«Oʻgʻlimning muhtaram oʻqituvchisi!

…Men oʻgʻlimga hayotni boʻyab-bejab koʻrsatishingizni istamayman. U hayotda hamma odam ham adolatli va samimiy boʻlavermasligini bilishi shart.

Siz unga hayotda ablahlar ham qahramonlarga aylantirilishi mumkinligini, uquvsiz va takabbur rahbarlarga ham sodiq xodimlar topilishi mumkinligini tushuntirishdan qoʻrqmang.

Unga uqdiringki, modomiki dushmanlari bor ekan, demak doʻstlari ham boʻladi.

Bilaman, bunga ancha vaqt sarflanadi, lekin imkoningiz boʻlsa, unga nohalol yoʻl bilan topilgan oʻn dollardan koʻra halol yoʻl bilan topilgan bir dollar koʻproq foyda keltirishini oʻrgating.

Shunday taʼlim beringki, u gʻalaba nashidasini surish uchun oldin yutqazish alamini totib koʻrish kerakligini anglasin.

Qoʻlingizdan kelsa, uning tabiatiga hasad chang solmasligining chorasini koʻring.

Unga maqtanchoq odamlar ustidan gʻalaba qozonish juda ham oson boʻlishini his etishga sharoit yarating. Yana imkoningiz boʻlsa, uni kitoblarga oshno qiling…

Shunday taʼlim beringki, u jasur, kuchli, temir irodali yigit boʻlib ulgʻayish bilan birga, koʻkdagi qushlardan, qirlar uzra ochilgan gullardan va bu gullardan bol yigʻib yurgan asalarilardan, qoʻyingchi tabiatning betakror goʻzalliklaridan taʼsirlana oladigan nozik qalbga ham ega boʻlsin.

Shunday oʻqitingki, u hayotdagi eng mayda holatlar yuzasidan ham mulohaza qilib koʻrishni oʻrgansin.
Men uning shu kichik yoshidanoq hayotda qalloblik qilib gʻalabaga erishgandan koʻra, halollik tufayli omadsizlikka uchrash afzal ekanini anglab yetishini istayman.

Uni atrofdagilar har qancha oʻz yoʻriqlariga yurgizishga urinishmasin, oʻz shaxsiy fikrlarida sobit tura olishga ham oʻrgatasiz, degan umiddaman.

Uni yumshoq feʼllilar bilan – yumshoq, qahrlilar bilan qahrli boʻlishga oʻrgating.

Oʻgʻlimga mohiyatni anglamasdan turib, gʻalaba qozonganlar tarafiga oʻtib ketadigan olomonga ergashmaslikni uqtirishga harakat qiling.

Uni hammani eshitishga va har bir eshitganlarini mulohaza qilib, haqiqatni ajratib olishga oʻrgating.
Oʻrgata olsangiz, mahzun vaqtda kulish kerakligiga oʻrgating.

Vaqti kelganda koʻz yoshi toʻka bilishni va buning hech uyatli emasligini oʻrgating.
Unga oʻziga ortiqcha zeb bermaslik kerakligini oʻrgating.

Zarurat boʻlganida oʻz aqli va tanasidagi mushaklar kuchini eng qimmat narxda sotishi mumkin-u lekin oʻlsa ham yuragi, ruhi, vijdonini sotishga haqqi yoʻqligini anglating.

Unga jasur boʻlish uchun eng avvalo sabrli boʻlish lozimligini uqtiring. Oʻtda qattiq toblangan poʻlatgina yuqori sifatga ega boʻlishini tushuntiring.

Unda oʻziga ishonch hissini shakllantiring, shundagina u boshqalarga ham ishonch bilan munosabatda boʻladi.
U bilan yumshoq, lekin ortiqcha muloyimliksiz muomala qiling.

…Bilaman, Sizdan istayotganlarimni bajarish oson ish emas, lekin, harholda soʻraganlarim ichidan qoʻlingizdan nima kelishini ajratib olsangiz ham boʻladi.

U ajoyib bola, yaxshi bola — mening oʻgʻlim!.. Balki u ham kelajakda dunyoning yetakchi liderlaridan boʻlar…

Sizga cheksiz hurmat va ishonch bilan Abraham Linkoln, 1855 yil»
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.