Urganch tikuvchilik majmuasi ish boshladi

0
1776
marta koʻrilgan.

Urganch shahar hokimiyati tashabbusi bilan uzoq yillar foydalanilmay qarovsiz yotgan bino qayta taʼmirlanib,  Urganch tikuvchilik majmuasi tashkil qilindi.

Xotin-qizlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan ushbu korxona faoliyati «Obod mahalla» dasturi  asosida yoʻlga qoʻyildi. Unga xorijdan keltirilgan zamonaviy  120 dona tikuv  dastgohlari oʻrnatildi. 160dan ziyod xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.

Bu yerda palto, kostyum turli kiyim- kechaklar bilan birga  turli xil karxonalar uchun maxsus ish kiyimlari  tikiladi. Eng asosiysi unumli ishlab  samarali dam olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Xotin-qizlarning maʼrifat xonasi gazeta-jurnallar bilan taʼminlangan.  Choʻmilish va santexnika xonalari zamonaviy talablarga javob beradi. Moʻjazgina oshxona ham ular xizmatida.

Urganch shahar hokimi Shuxrat Abdullayev bizni korxona  bilan tanishtirar ekan, iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlar va saʼy-harakatlardan maqsad mamlakatimiz prezidenti aytganidek xalqimizni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ekanini taʼkidladi.

Texnologik jarayonlar bilan tanishib, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirib. korxona ishchilari bilan muloqot qildik.

Ulliyeva Saodatjon tikuvchilikda katta tajribaga ega. U bolalari yoshligi uchun uyda  tikuvchilik bilan shugʻullangan. “Bu yerga mehnat stajiga ega boʻlish uchun bichuvchi boʻlib ishga tushdim. Endilikda bolalarim katta boʻlib, oʻzlarini eplashadi. Jamoa boʻlib ishlash, tikuvchilarga boʻlgan gʻamxoʻrlik, bizlarga barcha sharoitlarning yaratilgani kayfiyatimizni ham koʻtaradi”, deydi u oʻz hayotidan mamnun boʻlib.  

Matyoqubova Dilnavoz, Eshchanova Oysaralar hech qayerda ishlashmagan, roʻzgʻor bilan ovora boʻlishgan, tikuvchilik boʻyicha malakasi ham yoʻq. Ular ham ishga olindi. “ Men Ziyokor mahallasidanman. Chevarlik sir-sinoatini bilmaganim uchun Urganch tikuvchilik oilaviy korxonasida bir oy amaliyot oʻtadim. Menga oʻxshagan tikuvchilik sohasida tajribasi boʻlmagan  koʻplab ayollarga  shu yerda chevarlikka oʻrgatildi”, deydi Eshchanova Oysara

Urganch tikuvchilik oilaviy korxonasida uzoq yillar ishlab katta tajribaga ega boʻlgan Farogʻat Saʼdullayeva ushbu majmuaga rahbar etib tayinlandi. ”Oilaviy karxonamiz 96-son imkoniyati cheklangan internat-maktabni homiylikka olgan.  Ularning qizlariga chevarlik sir-sinoatlarini oʻrgatamiz. Hayotda oʻz oʻrnini topib ketishlariga koʻmaklashamiz. Yangi karxonaning ishchi ayollarining teng yarmi “Ashxobod” mahallasi  xotin-qizlari boʻlib, biz ularni oilaviy korxonamizda bir oylik kursda oʻqitdik. Birinchi marta ishga tushayotgan ayollarga  bu juda katta amaliy yordam boʻldi. Oilaviy karxonani boshqarishni qizim bilan kelinimga qoldirib, oʻzim yangi joyga oʻtdim.  Bu yerdagi xotin-qizlar shogirdim, oʻz farzandim, opa-singlimdek boʻlib qolishdi”deydi Farogʻat Saʼdullayeva.

“Ana shunday shinam korxonalarning mavjudligi yurtimiz ayollarini ish va xonadonlar toʻkisligini taʼminlash bilan birga mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshadi”– deydi Urganch shahar xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Munavvar Omonboyeva.

Kecha karxonani rasmiy ravishda  ochish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov qatnashdi. 

Raʼno ZARIPOVA

Elyor PALVANOV olgan suratlar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.