“Urganch-Xiva” temir yoʻl liniyasini qurish ishlari qizgʻin davom etmoqda

0
255
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatning turistik salohiyatini yanada rivojlantirish, undan samarali foydalanish, sayyohlarga Xiva shahrining noyob tarixiy-madaniy va meʼmorchilik merosi bilan kengroq tanishishi uchun keng sharoitlar yaratish, transport xizmatlari sifatini takomillashtirish boʻyicha muhim topshiriq va tavsiyalar bergan edi. Xususan, tashrif davomida Urganchdan Xivagacha temir yoʻl va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yoʻlda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish taʼkidlangandi.

Urganch – Xiva yangi temir yoʻl liniyasini qurish loyihasining qiymati 35,9 million AQSH dollariga teng. Hozirgi kunda uning dastlabki bosqichi, yaʼni poʻlat izlar yotqizish ishlari davom etmoqda va shu kungacha umumiy uzunligi 29,60 kilometr temir yoʻllar yotqizildi. Ushbu yoʻllar zamonaviy poyezdlarning yuqori tezlikda harakatlanishi inobatga olgan holda, ilgʻor texnologiyalarga asoslanib, mustahkam va yanada sifatli etib bunyod etilmoqda. “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyihaga koʻra, ushbu yangi temir yoʻlini  joriy yilda foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Qurilish-montaj jarayonida jami 831 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Yoʻl boʻylab 124 ta sunʼniy inshoot ham barpo etildi. Bunyodkorlik ishlari davomida 6 ta yoʻl oʻtkazgich va koʻpriklar qurildi.

Bu yerdagi qurilish ishlarini amalga oshirishga 350 nafardan ortiq tajribali ishchi-xizmatchilar, mutaxassislar jalb etilgan. Loyihani belgilangan vaqtida, sifatli va mustaxkam qilib amalga oshirish maqsadida 70 ga yaqin qudratli texnika va mexanizmlar kunu tun samarali ishlatilmoqda.

Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning oʻzida 200 yoʻllovchiga xizmat koʻrsatish imkoniga ega boʻlgan, milliy uslubi uygʻunlashgan temir yoʻl vokzali ham barpo etilmoqda. Yangi qurilayotgan vokzal binosining tashqi koʻrinishi Xorazm meʼmorchiligi namunalarini oʻzida aks ettiradi. Vokzal soʻnggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan jihozlanadi. Bu yerda zamonaviy VIP-zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari quriladi. Loyihaga koʻra binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar  uygʻunlashgan koʻrkam foye ham oʻrin olgan. Rejaga muvofiq  uning oldi qismida zamonaviy, musiqali favvora oʻrnatiladi. Bu yerda yuqori tezlikdagi Internet xizmatini Wi-Fi texnologiyasi orqali tarqatish uskunalarni oʻrnatish ham koʻzda tutilgan. Ayni paytda bu yerda qurilish-montaj ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Shuningdek, Urganch – Xiva temir yoʻlining qurilishi mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar hamda yurtimiz aholisiga qulayliklar yaratish barobarida tizimda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi. Xiva vokzali bilan hamoxang ravishda atrofda mahalliy aholi dam olishi bilan bogʻlik boʻlgan koʻplab sayilgohlar, xiyobonlar, bogʻlar, gulzorlar yaratiladi, yangi turar-joylar, muhtasham imoratlar quriladi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki Xiva shahri yanada gullaydi, obod boʻladi. Koʻhna zaminda barpo etilayotgan yangi temir yoʻllar uzoq yillar xalq farovonligi uchun xizmat qiladi.

«Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.