USTOZ AI” loyihasi doirasida 70 ming nafardan koʻproq yoshlar bepul bilim olmoqda

0
52
marta koʻrilgan.

Bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻqitish maqsadida keng-koʻlamli vazifalar amalga oshirilmoqda.

 Xususan, agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan “Mutolaa”, “Ibrat Farzandlari”, “USTOZ AI”, “Yoshlar uchun ming kitob”, “Wiki Stipendiya”, “Qizlar akademiyasi”, “Top 100”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Modul5” kabi loyihalar orqali minglab yoshlarimiz til oʻrganib, kasb egasi boʻlmoqda.

Jumladan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 1,4 milliondan ortiq yosh 23 ta xorijiy tilni, ʼʼUstoz AI” loyihasi doirasida 83,1 ming nafar yosh 40 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn oʻrganmoqda.

Xorijiy tillar boʻyicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega boʻlgan 35,2 ming nafar yoshga 64,4 milliard soʻm, shundan, joriy yilda 12,3 ming nafar yoshga 24 milliard soʻm imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.

Yoshlarga zamonaviy kasblarni oʻrgatadigan birgina “USTOZ AI” loyihasida yoshlarga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni taqdim etish orqali ularning bandligini taʼminlash va hayotga innovatsion yondashuvini shakllantirish maqsad qilingan. Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” davlat dasturi toʻgʻrisidagi farmoni ijrosi doirasida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Loyiha orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan maxsus platforma ishga tushirilib, 40 dan ortiq zamonaviy kasblar onlayn formatda oʻrgatiladi.

Shuningdek, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi taʼminlanib, tashqi mehnat migratsiyasidagi yoshlarning 10 foizidan 30 foizigacha qismi bandlik bilan taʼminlanadi.

“USTOZ AI” zamonaviy kasblar bilan shugʻullanuvchi yetakchi mutaxassislarning professional videodarslarini tayyorlash va platformaga joylashtirish, yoshlar oʻrtasida zamonaviy kasblarni ommalashtirishga ham xizmat qiladi. Unda 14-30 yoshdagi maktab oʻquvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirok etishi moʻljallangan.

Yoshlar ishlari agentligi maʼlumotiga koʻra, “Ustoz AI” loyihasi doirasida hozirgi kunga qadar 20 ga yaqin soha, jumladan, jamoatchilik munosabatlari, video-montaj, mobilografiya, target, axborot texnologiyalari, arxitektura, matematika fanlarini qamrab oluvchi 350 dan ortiq videodarsliklar yaratilgan. Bugungi kungacha 70 mingdan koʻp yoshlar loyiha doirasida bepul bilim olishni boshladi. “USTOZ AI” loyihasi yoshlar uchun zamonaviy bilim va imkoniyatlar eshigini ochib, ularning muvaffaqiyatli kelajagini taʼminlashga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.