Taniqli publitsist va noshir, “Oʻzbekiston xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “El–yurt hurmati” ordeni, “Jasorat” medali sohibi, Ziyod Islamovich Esenbayevning Oʻzbekiston jurnalistika rivojiga qoʻshgan hissasini koʻpchilik yaxshi biladi.
U fayzli umri davomida tuman, viloyat va respublika markaziy gazeta va jurnallarida samarali faoliyat koʻrsatgan. Qariyb yigirma yil Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasi va Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasini boshqargan. Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi jamgʻarma boshqaruvi raisi lavozimida hamda “Oʻzbekiston matbuoti” jurnali bosh muharriri sifatida oʻz mahorati va bilimini namoyon etdi. Shu tariqa mustaqil Oʻzbekiston jurnalistikasi rivoji va yosh mutaxassislarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdi.
2021 yil 21 iyun kuni davlat va jamoat arbobi Ziyod Yesenboyev tavalludiga 100 yil toʻladi.
Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan ustoz jurnalist xotirasiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, Z.Yesenboyevni yaqindan bilgan, oʻz davrida u bilan birga ishlashga muyassar boʻlgan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Faxriylar kengashi” raisi Jabbor Razzoqov, faxriy noshir Botir Diyorov, taniqli jurnalist va adib Neʼmat Yoqubov, faxriy jurnalistlar Oʻtkir Zokirov, Hamid Sultonov, Solih Yoqubov, Irismat Abduxoliqov va boshqalar avval ”Minor” qabristoniga borib, ustoz qabrini ziyorat qilishdi. Soʻngra, Z.Yesenboyev xonadoniga tashrif buyurib, uning oilasi, yaqinlari davrasida xotira kechasi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov qayd etganidek, bunday tadbirlar yosh jurnalistlarni matbuotimizning shonli tarixi, ogʻir sharoitlarda, turli toʻsiqlarni yengib, mardonavor faoliyat olib borgan fidoyi dargʻalar hayoti va ijodiy faoliyati bilan tanishtirishda muhim oʻrin tutadi hamda ularga ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Uyushma axborot xizmati