Ustuvor loyihalar ijrosining borishi koʻrib chiqildi

0
114
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati olib borilmoqda. Investitsiya muhiti tobora yaxshilanib, ishbilarmon doiralar yurtimizdagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Xalqaro moliya institutlari, rivojlangan davlatlar va yirik kompaniyalar iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritmoqda. 

Birgina joriy yilning oʻzida Germaniya Federativ Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar rahbarlari bilan oliy darajada muloqotlar boʻlib oʻtdi. Ular doirasida sanoat, energetika, infratuzilma, qurilish, transport, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi. Har bir davlat bilan qoʻshma loyihalar ijrosini taʼminlash uchun Prezident qarorlari asosida “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.

Joriy yil 8 aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar toʻrtta roʻyxatga ajratilib, birinchi roʻyxatdagi eng muhim strategik loyihalar Prezidentning doimiy nazoratida boʻlishi belgilangan edi. 

Yigʻilishda ana shunday ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha tahlil qilindi. 

– Investitsiya iqtisodiyot rivoji, xalqimiz hayot sifati va farovonligini taʼminlaydigan asosiy manbalardan biridir, – dedi davlatimiz rahbari. – Rivojlangan davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga koʻtarilganidan kelib chiqib, jadal va tizimli ishlashimiz kerak. 

Bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga shu soha boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritildi. Har bir mamlakat bilan ishlash boʻyicha alohida boshqarmalar tashkil qilindi. Bundan tashqari, mutasaddi rahbarlar boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzildi. 

Yigʻilishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalar boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi. 

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish holati juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Erishilgan kelishuvlar va qoʻshma loyihalar ijrosini oʻz vaqtida va soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi. 

Shu bilan birga, ish oʻrinlari yaratib, xalqqa foyda keltiradigan, iqtisodiy samarador yangi loyihalar ishlab chiqish boʻyicha ham vazifalar belgilandi. 

Taraqqiy etgan mamlakatlarda investitsiyalar jalb etish boʻyicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida koʻrib chiqildi. Eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlarimiz faoliyatiga jalb etish, ushbu mamlakatdan mutaxassislar taklif etgan holda yoki onlayn tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va tajriba oʻrganishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.

Yigʻilishda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etishga qaratilgan ishlar ijrosi ham tahlil qilindi. Bu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, ayniqsa, aholini ish bilan taʼminlash jihatidan muhimligi qayd etilib, ularni tezroq ishga tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.  

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari investitsiya sohasiga doir qonunchilik xalqaro normalar darajasida takomillashtirilishi, ular har bir investorga ishonch, kafolat boʻlishi zarurligini taʼkidladi.  

Yigʻilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.