Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida 25 dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimi boʻldi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
— Bugun, Yangi yil arafasida ushbu qutlugʻ vohada mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan tarixiy voqeaga guvoh boʻlish barchamizga cheksiz quvonch bagʻishlaydi. Bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu zavod mamlakatimizda va umuman mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxonadir. Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Ushbu mahsulotlar hisobiga, yiliga 500 million dollarlik import oʻrni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion soʻmlik soliq tushumlari taʼminlanadi.
Natijadorlik jihatidan aytganda, bu yerda tabiiy gaz 3 barobar yuqori qiymatli tayyor mahsulotlarga aylantiriladi. Xususan, aviakerosin juda toza va sifatli boʻlib, eng zamonaviy samolyotlarga moʻljallangani uchun unga hamisha talab bor. Zavodda ishlab chiqariladigan dizel yoqilgʻisi ham kamida Yevro-6 standartlariga mos boʻladi. Bu mahsulotlar mamlakatimizdagi logistika markazlarini rivojlantirish va aviatsiya xablarini tashkil qilishga mustahkam zamin yaratadi.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga koʻra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030 yilga borib 2 barobar oʻsadi. Shu bois yanada yuqori qoʻshilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 620 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi moʻljallangan. Bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qoʻllaniladi.
Prezidentimiz bugungi kunda butun dunyo “yashil iqtisodiyot”ga oʻtayotgani, savdo-sotiqda shu borada talablar qoʻyayotganini qayd etdi. “Uzbekistan GTL” mahsulotlari esa jahondagi eng yuqori ekologik talablar va standartlarga toʻliq javob beradi. Bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilgʻi anʼanaviy yoqilgʻilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan, yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
— Zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 ta mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Meni quvontiradigani, zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi oʻzimizning mahalliy kadrlar, yangicha ishlashga chanqoq yoshlar. Bu tajriba kelgusida mamlakatimizda yangi sanoat obyektlarini oʻz kuchimiz bilan barpo etishda albatta juda kerak boʻladi.
Bu yoshlar – Yangi Oʻzbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib, bu yoʻlda “oltin fond”imizga aylanadi, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻquv dasturlarini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish, talabalar amaliyotini shu zavodda tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Marosimda “Uzbekistan GTL” zavodining texnik direktori Marsel Yurgen Krauze, “Hyundai Engineering” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Xag, “Gazprombank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari Aleksey Matveev, “Air Products and Chemicals” kompaniyasi prezidenti Seyfi Gasemiy soʻzga chiqib, yangi zavodning ahamiyatini qayd etdi.
Mehnat faxriylari, ishchilarning ota-onalari mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash tamoyili shu loyiha misolida namoyon ekanini taʼkidlab, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosim doirasida yana bir korxona — Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini 3 barobarga kengaytirish boʻyicha loyiha qurilishiga ham start berildi.
Bu loyihaning qiymati 1 milliard 800 million dollar boʻlib, Uzbekistan GTL zavodi yonida quriladi. Unda 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobiga yiliga 280 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen tayyorlanadi. Yana mingga yaqin ish oʻrni ochiladi.
Shu tariqa, Shoʻrtanda yurtimizdagi birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinadi. Bu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025 yilda 1,8 milliard dollarga yetkaziladi. Yaʼni, 6 barobarga oshadi.
Ushbu klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xom ashyodan 10 dollarlik yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar yaratadi.
Ikki yangi majmua nafaqat oʻzining mahsuloti orqali, balki boshqa sanoat sohalarida 100 million dollarlik butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bozor shakllantiradi.
— Bu loyihalar Oʻzbekistonda yangi sanoat davrini yaratish yoʻlidagi ilk yirik qadamlarimizdan biridir. Ishonchim komilki, sizlar bilan birga kelgusida bu borada iqtisodiyotimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshadigan, uning raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan yana koʻplab yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiramiz, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari yangi korxona qurilishiga tamal toshi qoʻydi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.