Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni vinochilik sohasini rivojlantirish, alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilishni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. Uzum plantatsiyalarini koʻpaytirish va vinochilikni rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilandi.
2018 yilning birinchi yarmida mamlakatimiz sanoati 11 foizga oʻsgan holda, sharobsanoat tarmogʻidagi oʻsish bor-yoʻgʻi 0,9 foizni tashkil etgani tanqid qilindi. Aroq ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 71 foiz, vino – 57 foiz, spirt – 76 foiz, shampan vinosi – 7 foizni tashkil etgan. Oqibatda birinchi yarim yillikda ishlab chiqarish prognozlari bajarilmagan.
Yana bir jihat – shu soha rivojlangan mamlakatlarda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish tarkibida vino ulushi 75-80 foizni tashkil etadi. Oʻzbekistonda vinochilik eʼtibordan chetda qolib ketgan, uzum vinosi ishlab chiqarish soʻnggi 10 yilda 2,5-3 barobar kamaygan. Birlamchi vino ishlab chiqarish korxonalari xomashyo kamligi sababli mavjud quvvatlardan atigi 15 foiz foydalanmoqda. Vinomaterial tayyorlovchi korxonalarning atigi 25 foizi modernizatsiya qilingan.
Aynan shu bois vinochilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, 2021 yilgacha “Oʻzsharobsanoat” tarmogʻidagi uzumzorlarni 20 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yigʻilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish, vinobop uzumzorlar va zamonaviy pitomniklar tashkil etish, aroq zavodlarining litsenziya shartlariga maʼlum maydonda uzumzorlar barpo etish va tayyor vino mahsulotlari ishlab chiqarish talabini kiritish masalalari muhokama qilindi.
Uzumchilik va uzumni qayta ishlashni keskin rivojlantirish, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va yangi quvvatlar tashkil etishga qaratilgan 5 yillik dastur ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Oʻzsharobsanoat” tizimidagi agrofirmalar faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, oʻzlashtirilmagan yoki samarali foydalanilmayotgan yer maydonlarini vinobop uzumzorlar tashkil etish uchun klaster usulida xususiy mulkdorlarga berish zarurligi taʼkidlandi.
Jahon bozori talabi darajasidagi vino ishlab chiqarish imkonini beradigan “pino nuar”, “shardone”, “sovinon-blan” kabi uzum navlari qalamchalarini olib kelib, qatʼiy karantin sharoitida koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Koʻpchilik mamlakatlarda uzumdan boshqa mevalardan ham vino, sirka va sidr tayyorlanadi. Ushbu xorijiy tajribani oʻrganib, qayta ishlanmayotgan meva-chevalardan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va keyingi yillarda kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Vinochilik va alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga investitsiya kiritish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish orqali tarmoq eksportini keskin oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish jarayoniga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, “ishlab chiqaruvchi – ulgurji sotuvchi – chakana sotuvchi – isteʼmolchi” zanjirini taʼminlaydigan elektron tizim yaratish, yurtimizga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va noqonuniy savdosining oldini olish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.