Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida 27 iyul kuni Fargʻona viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Har bir hududning “oʻsish nuqtalari”ni rivojlantirib, odamlarga ish oʻrni va daromad manbai yaratish — davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi. Oltiariq tumanida dehqonchilik shunday tayanch soha. Bu yerning odamlari mahsulot yetishtirish va uni eksport qilishning hadisini olgan.
Ilgari bu tumanda ham paxta va gʻalla koʻp ekilar edi. Davlatimiz rahbarining gʻoyasi bilan qishloq xoʻjaligi ekinlari manfaatdorlik, bozor talablari asosida oʻzgartirildi. Bunda nafaqat ekishga erkinlik berildi, balki har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining meva-sabzavotchilik sohasida qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi qarorlari bu sohaga yangi imkoniyatlar ochdi. Xoʻjaliklarga subsidiyalar berildi, ilgʻor texnologiyalar jalb etish davlat tomonidan ragʻbatlantirildi. Bu imkoniyatlar natijasida bugun uzumchilik katta tarmoqqa aylandi, bunday xoʻjaliklar koʻpayib bormoqda.
2020 yilda tumanda “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xoʻjaligi tomonidan 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu tokzorni kelib koʻrdi.
Bu yerda “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Ular kelgusi yildan toʻliq hosilga kiradi va jami 3 ming tonna uzum yetishtiriladi.
Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, oʻrtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.
Yana bir muhim tomoni, fermer xoʻjaligida mavsumiy yumushlar bilan birga 700 kishining bandligi taʼminlangan. Ular kuniga 200 ming soʻmgacha ish haqi oladi.
Prezidentimiz yoshlarga va ishsiz fuqarolarga uzum parvarishini oʻrgatib, ular bilan kooperatsiya asosida uzum yetishtirish, bunga chet ellardagi yurtdoshlarimizni ham jalb etish zarurligini taʼkidladi.
Bogʻda, shuningdek, olma, gilos va oʻrik koʻchatlari, qator oralariga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, bulgʻor qalampiri va boshqa sabzavotlar ekilgan. Bular ham aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qoʻshimcha manba boʻlmoqda.
Bogʻ yonida 2 ming tonna sigʻimga ega boʻlgan sovutkichli ombor qurilgan. Bu yerda mahsulotlar saqlanib, saralanib, Turkiya va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar koʻpligini taʼkidlab, ularda ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berdi.