Uzumchilikdagi imkoniyatlar tahlil qilinib, keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilandi

0
108
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari yurtimizda azaldan uzumchilik anʼanasi boʻlgani, uni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini taʼkidladi.

– Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbai hisoblanadi. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bogʻlanib ketgan. Har bir koʻchada, xonadonda tok boʻlgan. Xusayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrugʻi uzoq-uzoqlargacha tanilgan, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Bugungi kunda yurtimizda fermer xoʻjaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Bu tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band.

Soʻnggi toʻrt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard soʻm subsidiyalar ajratildi. Shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga koʻpaydi.

Lekin bugungi bozor talabini tahlil qiladigan boʻlsak, bu sohada bundan-da katta imkoniyatlar bor. Xususan, jahon bozorida xoʻraki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi oʻrinda boʻlib, har yili unga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda.

Bunday uzum boʻyicha Oʻzbekistonning eksport salohiyatini kelgusi toʻrt yilda kamida 600 million dollarga, mayiz boʻyicha 500 million dollar va tabiiy vinoda 100 million dollarga yetkazish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham katta. Masalan, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan yogʻ ham jahon bozorida yuqori baholanadi.

Yana bir muhim jihati, 1 gektar gʻalla maydonida 2 kishi ishlab, koʻpi bilan 20 million soʻmlik mahsulot yetishtirilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini ish bilan taʼminlab, 300 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hamda oʻrtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin.

Shu kabi tahlillar bu sohaga katta eʼtibor qaratish, koʻplab masalalarni hal etish zarurligini koʻrsatmoqda.

Afsuski, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni soʻnggi toʻrt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Tarmoqda seleksiya ishlari deyarli yoʻq, haligacha 40-50 yil avval yaratilgan uzum navlari ekib kelinmoqda. Tokzorlarni yangilashni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan. Koʻchat yetishtirish ilmiga va texnologiyasiga amal qilinmaydi, koʻchat kasalliklari bilan olimlar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shugʻullanmaydi. Shu bois, hosildorlik ham pasayib, kasallik esa kun sayin koʻpayib bormoqda. Tokzorlarning atigi 38 foizi intensiv usulda parvarishlanmoqda.

Mahalliy uzumlarimiz hosildorligi Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan 1,5-2 baravarga kam. Qolaversa, yurtimizda yetishtiriladigan uzumlar aksariyati danakli boʻlib, jahon bozorida danaksiz uzumga boʻlgan talab keskin ortib bormoqda.

Uzumni qayta ishlash darajasi ham zamon talabi darajasida emas. Tabiiy vinoning umumiy spirtli ichimliklar isteʼmolidagi ulushi bor-yoʻgʻi 2 foizni tashkil etadi.

Enoturizm, yaʼni vino turizmi ham tarmoq sifatida rivojlanmagan. Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida toʻrttagina turistik uzum plantatsiyalari tashkil etilgan, xolos.

Shu bois yigʻilishda uzumchilikni keng koʻlamda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Avvalo, togʻoldi tumanlarida yirik uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. 

Misol uchun, oʻtgan yili Oltiariq tumanida gʻalla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgan edi. Ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlandi.

Eng asosiysi, buning evaziga qoʻshimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti keyingi yilda qariyb 100 million dollarga, toʻliq hosilga kirgandan keyin esa yiliga 200 million dollarga yetadi.

Shuningdek, Forish, Gʻallaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qoʻshrabot tumanlarida ham yangi tokzorlar barpo etilgan. Shunday tajriba asosida Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. 

Davlatimiz rahbari ushbu plantatsiyalarga xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidladi. Shu maqsadda Qishloq xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalarida uzumchilikni rivojlantirish, koʻchat bilan taʼminlash va kasalliklardan himoya qilish boʻyicha Loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa ilmiy muassasalarning yerlarida sertifikatlangan uzum koʻchatlari yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni ragʻbatlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million soʻmdan subsidiya beriladi. Uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratiladi.

Meva-sabazavotlar toʻkinligida aholi tomorqalari ham katta manba. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi xonadonlarda  5 ming tonna uzum yetishtirilib, 15 milliard soʻm daromad olinishi kutilmoqda.

Prezidentimiz bu tajribani barcha hududlarda ommalashtirib, tomorqa chetlarida, yoʻl boʻylarida uzum yetishtirish anʼanasini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda sohaga ilm va innovatsiyalarni keng joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Innovatsion rivojlanish vazirligiga xorijiy tajriba asosida uzumning hosildor, danaksiz, sovuqqa va kasalliklarga chidamli yangi navlarini yaratish boʻyicha topshiriq berildi.

Tokni faqatgina shpalerga koʻtarish hisobiga hosildorlikni 2-3 baravar koʻpaytirish mumkinligi qayd etildi. Buni qoʻllab-quvvatlash maqsadida endi shpaler oʻrnatish xarajatlarining 30 foizgacha qismi byudjetdan qoplanishi belgilandi. Shuningdek, uzumchilikda qoʻllaniladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Davlatimiz rahbari uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning toʻliq siklini yaratish uchun vinochilik klasterlari tashkil etish kerakligini taʼkidladi.

Ularga uzumni qayta ishlash, mayiz quritish va qadoqlash uskunalarini sotib olish uchun moliyaviy imtiyozlar beriladigan boʻldi. Shuningdek, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz soligʻi bekor qilinishi belgilandi.

Eksport imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, joriy yilda xoʻraki uzum eksportini 200 million dollarga, mayizbop uzum eksportini 130 million dollarga, tabiiy uzum vinosi eksportini 50 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratib, xorijda targʻib etish, salohiyatli bozorlar bilan fitosanitar kelishuvlarga erishish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

– Tarmoq rahbarlari va hokimlar kelgusi yillarda eksportni yanada oshirish uchun oʻzlarining aniq rejalarini belgilab olishlari kerak. Bundan buyon, yetishtirilgan hosil 30 foizigacha eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30 foizga, eksport 30 foizdan oshsa, 2 baravarga kamaytiriladi. Shuningdek, eksport qilingan har bir litr tabiiy vino uchun, 5 ming soʻm subsidiya ajratiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uzumzorlarda enoturizm uchun zarur infratuzilma yaratish chora-tadbirlariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.