Toshkent shahrida 31 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi katta tantana qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bayramda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bu qutlugʻ sana bilan tabrikladi.
Mamlakatimiz rahbari oʻtgan davrda Oʻzbekiston turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, oʻzining aniq maqsadi va yoʻli, pozitsiyasiga ega boʻlgan katta davlat sifatida shakllanganini taʼkidladi.
– Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz Oʻzbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil Oʻzbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Albatta, xalqimiz mustaqillikka, bugungi farovonlikka osonlik bilan erishmagan. Bu yoʻlda ajdodlarimizning siyosiy va maʼrifiy intilishlari soʻnggi bir yarim asr davomida deyarli toʻxtamagan. Istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zoʻravonlik qurboni boʻlgan. Mamlakatimiz mustaqilligi tufayli ularning pok nomlari tiklanmoqda.
Mustabid tuzum davrida xalqimizning yeri, kuchi, bor salohiyati faqat dehqonchilikka yoʻnaltirildi. “Oʻzbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, taʼlim tizimini izdan chiqardi.
Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga chek qoʻyildi. Oʻqituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi. Oʻzbekiston xalqaro “qora roʻyxatlar”dan chiqarildi.
Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Mehnat va mashaqqatlar bilan bu asos mustahkamlanib bormoqda. Soʻnggi 6 yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik subyektlari soni 2 karra koʻpaygani, sanoatdagi oʻsish 40 foizdan oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
– Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Zero, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi, – dedi Prezident.
Mamlakatimiz intilayotgan taraqqiyotning asosi taʼlim ekani taʼkidlanib, bu sohada qilinayotgan ishlar qayd etildi.
– Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan boʻlsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qoʻshganiga guvoh boʻlamiz. Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-maʼrifat, maʼnaviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulugʻ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos boʻlgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli anʼanalar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yoʻlni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari oʻz nutqida bugun mamlakatimiz oldida turgan muhim masalalarga jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Ekologiyani asrash, suv, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq oʻtish, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi dolzarb ekani qayd etildi.
– Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli boʻlgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham oʻylab, oqilona foydalanishimiz shart, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish ekani taʼkidlandi. Bu haqda gapirar ekan, Prezident maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “xotin-qizlar – bu “millat onalaridir” degan soʻzlarini yodga oldi.
Insoniyat oxirgi yillarda qattiq sinovlar bilan yuzma-yuz kelgani, bunda irodasi mustahkam va birlashgan xalqlar barqaror rivojlanishi taʼkidlandi.
– Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak! Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz, – dedi Prezident.
Xalqimiz hamisha tinchlik tarafdori boʻlib kelgani, olis va yaqin mamlakatlar bilan doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlantirilishiga urgʻu berildi.
Oldindagi vazifalar qanchalik ulkan va murakkab boʻlmasin, ularni elimiz birgalikda hal etishga qodir ekani taʼkidlandi.
– Tarixdan maʼlum: vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Bugun mehnatkash, mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq boʻlib maydonga chiqmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz bu yoʻlda fidokorona mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizga, butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
– Barcha yutuq va gʻalabalarimizning ijodkori va bunyodkori boʻlgan xalqimiz hamisha omon boʻlsin! Goʻzal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom boʻlsin! Jonajon Vatanimizga koʻz tegmasin! Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin, – deya soʻzini yakunladi Prezident.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Unda erksevar ajdodlarimiz orzusi, bugungi ozodlik shukuhi, xalqimizning kelajakka ishonchi va umidlari ifodalandi. Mamlakatimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan mard oʻgʻlonlar xotirasi yodga olindi. Mumtoz kuy-qoʻshiqlarda xalqimizning boy sanʼati va qadriyatlari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlarida Oʻzbekiston turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani yorqin namoyon boʻldi.
Tantanali tadbir televideniye va internet orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi.