Vatan fidoyilari xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi

0
49
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk gʻalabaning 79 yilligiga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh gʻoyasini tashkil etadi.

Bu jihatlar Ikkinchi jahon urushi yillarida Vatan va xalq ozodligi yoʻlida mardlik va jasorat namunasini koʻrsatib, jang maydonlarida jonini fido qilgan ota-bobolarimiz, mustaqillik yillarida xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda oʻz xizmat burchini ado etish yoʻlida halok boʻlgan jasur harbiylarimiz xotirasini abadiylashtirish, urush yillarida katta qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib oʻtgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatish borasidagi ishlarda ham namoyon boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining yorqin ramzi sifatida bunyod qilingan muhtasham Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlugʻ ziyoratgohga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi. “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qoʻydi.

Ushbu majmuadagi har bir ekspozitsiya, timsol va bitiklar mudhish urush haqiqatlarini ifoda etadi. “Matonat madhiyasi” yodgorligi urushda oʻz bolasidan, yoridan judo boʻlgan barcha ayollar sharafiga oʻrnatilgan muazzam obidadir. Bogʻ boʻylab taralayotgan mungli kuy xalqimizning yoʻqotishlari, halok boʻlgan insonlar taqdirini yodga soladi.

– Bu sanani biz ham xursandchilik, ham iztirob bilan nishonlaymiz. Urushning xalqimiz boshiga solgan ogʻir kulfatlari, oradan shuncha yillar oʻtsa-da, unutilmaydi. Oʻsha paytda respublikamiz aholisi 6,5 million kishi boʻlgan boʻlsa, shundan 1 million 950 mingdan ortigʻi urushda qatnashgan. Ularning 538 mingdan ziyodi qonli janglarda halok boʻlgani, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak ketgani biz uchun hech qachon oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan ogʻir yoʻqotishdir. Soʻnggi yillarda mana shunday xotira majmualari va muzeylar tashkil qilib, bu haqiqatni muhrlab qoʻydik. Bu ishlarimiz xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasida ulkan ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda Gʻalaba bogʻi yurtdoshlarimiz, yoshlar uchun oʻziga xos vatanparvarlik, tinchliksevarlik maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Bu yerda “uch avlod uchrashuvlari”, xotira tadbirlari, tarix darslari oʻtkazilmoqda. Shu kungacha majmuaga 2 million 200 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushida koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi koʻrsatgan jasorat va matonat tafsilotlari bilan yaqindan tanishgan.

Majmua jamoasi tomonidan 50 ga yaqin kitob-albom va monografiyalar yaratilgani, ilgari nomaʼlum boʻlgan yuzlab tarixiy dalillar ilmiy muomalaga kiritilgani, 2 million nafarga yaqin urush qatnashchilari roʻyxati shakllantirilgani, aholi murojaatlari boʻyicha bedarak ketgan jangchilar taqdiriga oid maʼlumotlar toʻplanganini alohida taʼkidlash lozim.

Mamlakatimizda xotira marosimlari, urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasini ulugʻlashga qaratilgan katta ishlar muntazam amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ana shunday hurmat va eʼtiborning yana bir amaliy ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq, urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Yolgʻiz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oilalarining uy-joylari taʼmirlanib, obod qilinmoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gullar qoʻyishdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Gʻalaba bogʻi hududida yana bir majmua – Mustaqillik fidoyilari xiyobonini tashkil etish rejalashtirilgan. Tashrif chogʻida ushbu majmua loyihasi taqdimot qilindi.

– Inson xotirasi va qadrini ulugʻlash borasidagi ishlarimizning uzviy davomi sifatida Gʻalaba bogʻi tarkibida mana shu xiyobonni barpo etsak va unga Mustaqillik fidoyilari xiyoboni, deb nom bersak, oʻylaymanki, el-yurtimiz qalbidagi orzu-armon va ezgu intilishlarni roʻyobga chiqargan boʻlamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Istiqlol yillarida Oʻzbekiston Respublikasini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom koʻrsatish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Vatanga fidoyilik namunasini koʻrsatgan, yurt tinchligi va kelajagi uchun kerak boʻlganda jonini qurbon qilgan bu bahodir farzandlarimizning qahramonligi xalqimiz, yosh avlodimiz uchun doimo oʻrnak va namuna boʻlib xizmat qiladi.

Mamlakatimiz va chet ellik mutaxassislar hamkorligida har tomonlama puxta ishlab chiqilgan betakror loyihaga koʻra, Mustaqillik fidoyilari xiyobonida ona yurtimizga uyushtirilgan terrorchilik xurujlariga qarshi kurashda, shuningdek, oʻz harbiy burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan askar va ofitserlarning qutlugʻ nomlari va oʻchmas xotirasi abadiylashtiriladi.

Davlatimiz rahbari majmua gʻoyasi va qurilishi boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.