Vatan ozodligi yoʻlida shahid ketganlar xotirasi mangu barhayotdir

0
232
marta koʻrilgan.

Shahidlar xotirasi xiyobonida qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimi boʻldi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Qurʼon tilovat etilib, oʻtganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

Mustaqillik kunlarida millatimiz oydinlari xotirasini eʼzozlash, xizmatlarini eslash yaxshi anʼana. Chunki ular xalqimiz ozodligi uchun, bugungidek emin-erkin kunlar uchun intilgan edi. Bu sana Vatanga fidoyilik unutilmasligini, hamisha qadrlanishini anglatadi.

Mustabid tuzum davrida yurtimizda ming-minglab odamlar qatagʻonga uchragan. Oilalari xonavayron boʻlib, bolalari yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qirgʻin davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.

Hozirgi xiyobon shunday qatllar ijro etiladigan mudhish joy boʻlgan. Mustaqillik yillarida u obod maskanga aylantirildi. Bu yerda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uning filiallari tashkil etildi. Ayni paytda muzeyda Turkiston maʼrifatparvarlariga bagʻishlangan koʻrgazma ochilgan.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi.

— Har safar bu yerga kelib, xalqimiz ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan jasur bobolarimizni eslab, koʻnglimiz taskin topadi. Ularni xotirlash, ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun ham qarz, ham farz. Qatagʻon qilingan yetakchilarimizning taqdiri barchamizni mustaqilligimizni qadrlashga, uni asrab-avaylashga undaydi. Mana shunday mustaqillikda, tinchlikda yashashning oʻzi Alloh taoloning katta marhamati, neʼmati. Buning uchun shukronalik bilan, uning qadriga yetish kerak, — dedi Prezident.

 1937-53 yillarda Oʻzbekistonda 100 ming odam qatagʻonga uchragani, ularning 13 ming nafari otib tashlangani yana bir bor yodga olindi. Afsuski, tazyiqlar bu bilan cheklanib qolmagan.

Oʻtgan asrning 80-yillarida ham minglab yurtdoshlarimiz adolatsizlik qurboni boʻlgan. “Paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan respublikamiz boʻyicha 40 ming kishi tergov qilingan, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

 Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonga yigirma besh yil rahbarlik qilgan, oʻzbek xalqining buyuk farzandi Sharof Rashidov ham oʻlimidan keyin siyosiy qatagʻonga uchragani alamli ekanini aytdi.

 Jadid bobolarimiz hayotini oʻrganish, nohaq qatagʻonga uchragan insonlar xotirasini abadiylashtirish boʻyicha xayrli ishlar qilinayotgani taʼkidlandi.

— Bu borada adolatni tiklash boʻyicha koʻp ishlar qilyapmiz. Tarixchi olimlar ishtirokida komissiyalar tuzildi, arxiv hujjatlari oʻrganilayapti. Oxirgi ikki yilda Oʻzbekiston Oliy sudi 850 nafardan ziyod, bu yil 240 nafar ana shunday jabrdiyda vatandoshlarimizning nomini oqladi. Bunday izlanishlarni hech qachon toʻxtatmasligimiz kerak. Negaki haqiqatni xalqimiz bilishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu davrga oid tarix yangi topilayotgan hujjatlar va ashyolar bilan boyib bormoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha “Xotira” kitoblari tayyorlandi. Ularga 40 mingga yaqin vatandoshimiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritildi. Bu toʻplamlar yaqin vaqt ichida chop etiladi.

Prezidentimiz shular bilan birga qatagʻon qurbonlari yashagan mahallalarda ularning nomlari, faoliyatini muhrlab qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

– Muzeylar qildik, kitoblar chiqayapti, koʻpchiligi oqlanyapti. Lekin shu bilan unutilishi kerak emas. Mening nazarimda, qatagʻon qurbonlari tugʻilib oʻsgan yoki bugun avlodlari yashayotgan mahallada, oʻsha yerdagi maktabda ularning nomlarini yozib qoʻysak, ham savobli, ham ibratli ish boʻlardi. Qolaversa, mana shunday bayramlarda, xotira kunlarida xonadonlarini ziyorat qilish kerak. Nega urush qatnashchilarini uyiga boramizu, qatagʻon qurbonlarini eslamaymiz?! Ularning har birining hayoti – qahramonlik. Biz buni oʻrganib, tashviqot qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga jadid bobolarimiz tarixini oʻrganayotgan tadqiqotchilarga maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarda materiallar chop etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

– Xalqimiz u davrni yaxshi bilishi, faxrlanishi kerak. Yoshlar “Bizning bobolarimiz istiqlol orzusida kurashgan, oʻzini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilayapmiz” deb oʻziga savol berishi zarur. Mustaqillikning mustahkam zamini nima oʻzi? Avvalo, vatanparvarlik, bilim, maʼnaviyat. Jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik ruhini, shukronalik ruhini kuchaytirishimiz kerak, – deya taʼkidladi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.