Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Bugun yurtimizda ulugʻ bayram, katta tantana. Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli oʻttiz yillik toʻyini zoʻr shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
“Yangi Oʻzbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bogʻda biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini oʻtkazmoqdamiz.
Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, oʻzimning samimiy va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yoʻlida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʻtdi.
Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zoʻravonliklar yoʻqota olmadi. Bunga koʻhna tariximizning oʻzi guvoh.
1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulugʻ orzusiga erishdi – oʻzining davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi.
Bugungi qutlugʻ ayyomda barchamiz, butun xalqimiz Oʻzbekiston mustaqilligini eʼlon qilib, tariximizning eng murakkab va ogʻir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov nomini, u kishining bevosita rahbarligida, xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olishimiz tabiiydir.
Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʻlida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi.
Mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan Qurolli Kuchlar barpo etildi.
Milliy valyutamiz – soʻm joriy qilindi, oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, oʻzligimiz tiklandi.
Muxtasar aytganda, koʻpni koʻrgan xalqimiz oʻzining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.
Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi.
Mana shunday buyuk tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib qilganidan koʻpchilik vatandoshlarim qatori men ham baxtiyorman.
Hurmatli tantana qatnashchilari!
Biz bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi Oʻzbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda avvalo bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Bugun dunyoda va mintaqamizda, chegaralarimizda keskinlik, turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda bu masalaning qanday beqiyos ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning asosiy talabi boʻlgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, soʻz va vijdon erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda.
Respublikamizda Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi. Koʻp yillardan buyon jiddiy muammo boʻlib kelgan majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi boʻyicha chaqirigʻiga javoban 2020 yilning oʻzida 50 mingdan ortiq yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi.
Maʼlumki, mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir. Bu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalarga doir 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Hozirgi vaqtda ular asosida jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida men kuni kecha Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 215 nafar shaxs afv etilib, oʻz oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytish imkoniga ega boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi. Bu esa ushbu yoʻnalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganining yaqqol tasdigʻidir.
Muhtaram yurtdoshlar!
Shuni alohida taʼkidlash zarurki, oʻtgan besh yillik vaqt barchamiz, butun mamlakatimiz, xalqimiz uchun keskin sinovlar davri boʻldi. Ayniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida Oʻzbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasiga koʻra, pandemiya Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo miqyosida yuz bergan eng ulkan sinovdir.
Yodingizda boʻlsa, biz pandemiya boshlangan ilk kunlarda bu qiyinchiliklardan yanada toblanib, kuchli va qudratli boʻlib chiqishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan edik. Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʻtmoqdamiz.
Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng koʻlamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi Oʻzbekiston davrini boshlab berdi.
Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy muhit paydo boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va nufuzli reyting agentliklari tahlillariga koʻra, hozirgi qiyin va murakkab sharoitda Oʻzbekiston jahonning sanoqli mamlakatlari qatorida moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini tiklash va iqtisodiy faollikni oshirishga erishib kelmoqda.
Mana, yaqinda Amerika Qoʻshma Shtatlarining “J.P.Morgan” investitsiya banki tomonidan eʼlon qilingan “Oʻzbekiston: yuksalish yoʻli” nomli tahliliy hisobotda ham ayni shu fikrlar bayon etilgan.
Shu oʻrinda iqtisodiyotimizdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar haqida ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtishni zarur, deb bilaman.
2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy oʻsish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Bu haqda gapirganda, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga koʻpayganini taʼkidlash lozim. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion soʻmni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 23,4 foizga oʻsdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga koʻtarildi.
Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga oʻsdi.
Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi. Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion soʻmlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard soʻmlik va “Oʻzavtomotors” aksiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.
Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga boʻlgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq boʻldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin oʻsgani ham buning isbotidir.
Oʻtgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablagʻdan olinadigan soliqlar bekor qilindi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq zanjirining yaxlit tizimi yaratildi.
2017-2020 yillarda banklarimiz kapitalini 5,7 barobar yoki 5 milliard dollargacha oshirishga erishdik.
Elektroenergetika, neft-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy oʻzgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xoʻjalik funksiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi.
Ayni paytda yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Minglab kilometr uzunlikdagi yangi yoʻllar, elektr va gaz tarmoqlari qurildi va taʼmirlandi.
Jamoat transporti izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi.
“Sergeli” yoʻnalishi boʻyicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi.
Ayni paytda Oʻzbekistonda koʻplab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Shular qatorida yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qoʻyilganidan barchangiz xabardorsiz.
Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasi Oʻzbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam boʻldi.
Ayni paytda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar boʻlgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.
Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Yurtimizda kichik va xususiy biznes subyektlari ikki barobar koʻpayib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan koʻprogʻi keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.
Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. Oʻtgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy eʼlon qilindi.
Shuningdek, oʻzini oʻzi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro roʻyxatdan oʻtib, faoliyatini qonuniy asosda yoʻlga qoʻydi.
Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida Oʻzbekiston besh yil ichida 141-oʻrindan 69-oʻringa koʻtarildi. Albatta, bu jiddiy koʻrsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Xabaringiz bor, yaqinda tadbirkorlar bilan yangi formatdagi uchrashuv oʻtkazdik. Unda mamlakatimiz boʻyicha 10 mingdan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 15 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar atroflicha oʻrganilib, tadbirkorlar koʻtargan masalalar boʻyicha amaliy choralar belgilandi.
Biz milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotividir.
Mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak.
Bugungi kunda zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli sohasi boʻlgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Shu maqsadda oʻnlab IT-parklar, kichik sanoat zonalari, soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oʻquv maskanlari, iqtidorli kompyuter dasturchilari uchun maxsus loyihalar tashkil etilmoqda.
Aholimizning katta qismi yashaydigan qishloq joylarini rivojlantirish va obod qilish, agrar sohaning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, tarmoqda yangi ish oʻrinlari yaratish masalasi doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.
Biz qishloq xoʻjaligida narxlar shakllanishiga davlat aralashuvini bekor qildik, paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi tugatildi. 122 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yuqori hosil olishga erishildi. Qishloq xoʻjaligini moliyalash tizimi qayta koʻrib chiqilmoqda.
Biz hududlarni tarmoqlar bilan birga kompleks rivojlantirish boʻyicha yangi tizimni joriy etdik. Buning natijasida hududlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2021 yilning oʻzida mahalliy dasturlar uchun qoʻshimcha 3 trillion soʻm mablagʻ shakllantirish imkoniyati paydo boʻldi.
Bugun ishonch bilan ayta olamizki, Oʻzbekiston uchun global inqirozning ogʻir damlari ortda qolmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish surʼatini aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga oʻsganida ham koʻrish mumkin.
Hozirgi kunda nominal hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi 2,7 million soʻmni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 2,1 barobarga oshirildi.
Mana, yaqinda qabul qilingan Farmonga binoan, mamlakatimizda 1 sentyabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini yana oshirdik.
Biz bundan buyon ham aholimizning daromadi va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga jiddiy ahamiyat qaratamiz.
Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning oʻziga xos yangi tizimi yaratilganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. “Temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari”, “mahallabay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda.
Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini oladigan boʻlsak, joriy yilning oʻzida jami 8 mingga yaqin qishloq va mahallada umumiy qiymati 20 trillion soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, oʻylaymanki, koʻp narsadan dalolat beradi.
Bu ishlarning barchasi “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu daʼvat asosida amalga oshirilmoqda.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasi ham biz uchun ustuvor vazifa boʻlib kelmoqda. 2017-2020 yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu koʻrsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 barobar oshdi. Respublikamizda ipoteka tizimi izchil rivojlanmoqda.
Shuni taʼkidlash zarurki, yurtimizda ilgari hech qachon bunday katta koʻlamdagi qurilish ishlari amalga oshirilmagan.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan oilalarning uy-joy boʻyicha boshlangʻich badallari davlat byudjeti hisobidan toʻlab berilmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlarimiz davom ettiriladi, shu yilning oʻzida yana 50 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlanadi.
Qadrli doʻstlar!
Davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini taʼminlashda sogʻliqni saqlash, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat, sport sohalari hal qiluvchi oʻrin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan oʻzgarmoqda, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning sifati va samaradorligi, sogʻlom turmush tarzi yangi bosqichga koʻtarildi. Koʻp tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.
Tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy taʼminoti kuchaytirildi.
2016 yilda mavjud boʻlgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga koʻpaytirildi.
Maʼlumki, ilgari koʻplab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni oʻtkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi. Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi oʻzimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Respublikamiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi. Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu ishni davom ettirib, joriy yilda yana qoʻshimcha 48 ta hududiy filial tashkil etiladi.
Hammangiz koʻrib turibsiz, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni oʻz vaqtida boshlab, toʻgʻri yoʻl tanlaganimiz uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sogʻligʻi va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlarni ishlab chiqdik. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.
Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.
2021 yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirilib, aholi sogʻligʻini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralarini koʻryapmiz.
Xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi.
Aziz vatandoshlar!
Atoqli maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli soʻzlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.
Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz taʼlimni oʻzgartirsak, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Inson oʻzgarsa – butun jamiyatimiz oʻzgaradi.
Shu bois biz uzluksiz taʼlimni takomillashtirish, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Taʼlim-tarbiyaning boshlangʻich boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tizimidagi oʻzgarishlardan hammangiz yaxshi xabardorsiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etdik.
2017 yili yurtimizda 5 ming 211 ta bogʻcha faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bogʻchalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu islohotlar natijasida biz maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar oʻrtasida esa 77 foizga yetkazishga erishdik.
Yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Birgina 2020 yilni oladigan boʻlsak, yurtimizda matematika fani boʻyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʻyicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
Taʼlim sohasida yangicha yondashuvlar faol joriy etilmoqda. Oʻzingiz ayting, bundan toʻrt-besh yil oldin respublikamizda xususiy maktab yoki bogʻcha boʻlishini tasavvur qilish mumkinmidi?
Biz bu sohada jahon tajribasini oʻrganib, yangi tartib-qoidalarni, zamonaviy taʼlim usullarini joriy etmoqdamiz. Jumladan, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat taʼlim maskanlari davlat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga yetdi.
Bularning barchasi oʻz ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017-2020 yillarda oʻquvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qoʻlga kiritgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Yoshlarni talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun oʻtgan oʻquv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning oʻzi oliy taʼlim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.
Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga eʼtibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʻljallanmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborimiz markazida turibdi. Shu maqsadda joriy yilda nogironligi boʻlgan yoshlar uchun – 3 ming 155 ta, “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam taʼminlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qoʻshimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratildi.
Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yoʻnalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.
Mana, yaqinda Yaponiyada boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida mohir sportchilarimiz gʻolib va sovrindor boʻlib, barchamizni quvontirdilar.
Ayni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya oʻyinlari qizgʻin davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston jamoasi aʼzolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, oʻzlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli oʻgʻil-qizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilaymiz.
Hurmatli doʻstlar!
Bugun mustaqilligimizning birinchi yilida tugʻilgan bolalar oʻttiz yoshga – ayni kamolot yoshiga yetdi. Men mana shu navqiron yoshlarimizga, aziz oʻgʻil-qizlarimga murojaat qilib aytmoqchiman.
Siz istiqlol farzandlari, ozod va erkin, hur fikrli insonlar sifatida hayotga dadil kirib kelayotganingiz biz uchun eng katta baxt, katta davlatdir.
Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz.
Yuksak gʻayrat-shijoatingiz va fidokorona mehnatingiz bilan yurtimizda Yangi Oʻzbekistonni – Uchinchi Renessansni bunyod etishga albatta qodir boʻlasiz.
Hech qachon boʻsh kelmang, aziz farzandlarim! Sizlarga hamisha baxt va omad yor boʻlsin!
Muhtaram vatandoshlar!
Hammangiz guvohi boʻlib turibsiz, soʻnggi yillarda biz “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu tamoyil asosida Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish, davlatimizning mudofaa salohiyatini oshirish boʻyicha muhim islohotlarni amalga oshirdik. Milliy gvardiya, Davlat mudofaa sanoati qoʻmitasi tuzildi.
Sohada zamonaviy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning oila aʼzolarini, harbiy pensionerlarni qoʻllab-quvvatlashga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda milliy armiyamizning tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir jangovar kuchga aylanib borayotgani bizning eng katta yutugʻimizdir.
Albatta, armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi. Armiya avvalo ona Vatan uchun jonini ham ayamaydigan harbiylar – askar va serjantlar, ofitser va generallar bilan qudratlidir.
Bugun Qurolli Kuchlarimiz safida Vatan himoyachisi boʻlishni oʻz hayotining maʼno-mazmuni deb bilgan haqiqiy bahodir, mardi maydon farzandlarimiz xizmat qilmoqda. Ular Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo kabi buyuk bobolarimizning jangovar mahoratini sharaf bilan davom ettirmoqda.
Har qanday sharoitda ham oʻz burchini vijdonan bajarishga qasamyod qilgan mard va jasur posbonlarimizning fidokorona xizmatlari va jasoratini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Oʻz hayotini Vatan himoyasidek muqaddas va masʼuliyatli ishga bagʻishlagan va buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan ona yurt qalqonlari bizning faxrimiz va gʻururimizdir.
Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida davlat, jamiyat va shaxs xavfsizligini taʼminlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Buning uchun eng quyi tizim – profilaktika inspektorlari tizimi zamonaviy tuzilma sifatida shakllantirildi. Ular endilikda mahalla idoralari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda 2017 yilga nisbatan jinoyatlar soni 12 mingga kamaygani, joriy yilning olti oyi yakuniga koʻra esa, mavjud 9 ming 251 ta mahalladan qariyb 50 foizida bironta ham jinoyatga yoʻl qoʻyilmaganini alohida taʼkidlash lozim. Bu albatta islohotlarimizning ijobiy samarasidan dalolat beradi va bu ishlarimizni izchil davom ettirishni taqozo etadi.
Qadrli tantana ishtirokchilari!
Mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qoʻygan birinchi kunlardan boshlab biz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum.
Oʻtgan qisqa davrda Vatanimizning mintaqa va jahon miqyosidagi siyosiy oʻrni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.
Avvalo, mintaqamizdagi davlatlar bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi. Chegaralar ochildi, odamlar qavmu qarindoshlari bilan aloqalarini tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi.
Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi. Xalqaro maydonda mintaqa nomidan yangi tashabbuslar ilgari surila boshlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Yaqinda Turkmanistonda boʻlib oʻtgan navbatdagi maslahat kengashida hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.
Soʻnggi kunlarda yon qoʻshnimiz Afgʻonistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi tarafdorimiz.
Afgʻoniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashda koʻprik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.
Afgʻoniston bilan aloqalarimizda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.
Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yoʻl bilan amalga oshirilishi oʻta muhim, deb hisoblaymiz.
Oʻtgan davrda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar bilan samarali bitim va kelishuvlarga erishdik. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Gʻarb davlatlari bilan pragmatik hamkorlik sari yangi qadamlar tashlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda. 2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga toʻla huquqli aʼzo boʻldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.
Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yoʻlga qoʻyishga erishdi. 2020 yilda mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida raislik qildi. Bu davr pandemiya sharoitida oʻtganiga qaramasdan, Oʻzbekistonning bu boradagi faoliyati muvaffaqiyatli tashkil etildi va yuqori baholandi.
Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olamiz va uning kelgusi yili oʻtadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrayapmiz.
Iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish respublika eksporti va investitsiyalar oqimiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Chet ellardagi vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashga, ular bilan samarali hamkorlik qilishga katta eʼtibor berilmoqda. Ular respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinmoqda. Yaqinda ana shunday muhim vazifalar bilan bevosita shugʻullanadigan “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etganimizdan barchangiz xabardorsiz.
Ayni paytda uzoq-yaqindagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar bilan oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash bizning ustuvor maqsadimiz boʻlib qoladi.
Bugungi quvonchli kunda biz bilan davramizda oʻtirgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, Oʻzbekistonning barcha doʻstlariga tinchlik va ravnaq tilaymiz. Xususan, tantanamizda ishtirok etayotgan Fransiya Senatining hurmatli vakillariga chuqur ehtiromimizni bildiramiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Hammangizga yaxshi maʼlumki, shu yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi.
Soʻnggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarildi.
Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtadi.
Bu saylov barchamiz uchun Oʻzbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yoʻldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan gʻoyat muhim siyosiy tadbirdir. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga koʻpmillatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va eʼtibor bilan qaramoqda.
Saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda oʻnlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu maʼnoda, boʻlgʻusi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida oʻtadi hamda yangi Oʻzbekiston xalqining oʻsib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Biz keyingi yillarda belimizni mahkam bogʻlab, milliy manfaatlarimizni taʼminlash, xalqimizni rozi qilish yoʻlida sidqidildan mehnat qilib, gʻoyat muhim natijalarni qoʻlga kiritmoqdamiz.
Eng asosiy natija – boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganida, bugungi jamiyatimizning maʼnaviy uygʻonishida namoyon boʻlmoqda.
Maʼnaviy uygʻoq jamiyatni, oʻz oldiga ulkan vazifalar qoʻyib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim oʻz yoʻlidan toʻxtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qoʻllab-quvvatlaydi, doimo yoʻlini ochib beradi.
Bugun million-million vatandoshlarimizning ongu tafakkuri oʻzgarib, ular islohotlar jarayoniga oʻzini bevosita daxldor deb bilmoqda, bu oʻzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʻsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz boʻlmish yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz. Oʻzbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi.
Men siz, azizlarni, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulugʻ va sharafli safda – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari safida koʻrib turganimdan baxtiyorman.
Oradan hali qancha yillar, asrlar oʻtadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi.
Fursatdan foydalanib, siz qadrdonlarimni, moʻtabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni, butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shu muborak ayyomda barcha yutuqlarimizning bunyodkori boʻlgan mehnatkash, mard va saxovatli, bagʻrikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehri bilan taʼzim qilaman.
Barchamizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ona xalqimiz doimo omon boʻlsin!
Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson ezgu maqsadlariga yetsin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.