Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi

0
145
marta koʻrilgan.

Har yili Konstitutsiya kuni arafasida Vatan taraqqiyoti yoʻlida fidokorona xizmat qilib, turli unvonlar, orden va medallarga sazovor boʻlgan hamyurtlarimizga mukofotlarni tantanali ravishda topshirish yaxshi anʼanaga aylangan.

7 dekabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yuksak unvonlar, orden va medallarga sazovor boʻlgani munosabati bilan samimiy qutladi. Ular orqali barcha vatandoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar Konstitutsiyamiz va Harakatlar strategiyasiga asoslanishini alohida taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari yakuniga yetib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalar ekan, xalq bilan muloqotda boʻlib, odamlarning ogʻirini yengil qilishga asosiy eʼtibor qaratilganini qayd etdi.

Darhaqiqat, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da oddiy odamlar bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi yaratildi. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1,5 milliondan ziyod murojaat kelib tushdi va ularning 1 milliondan ortigʻi ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda dunyodagi nufuzli ekspert va mutaxassislar ham xalq bilan muloqotning bunday usuli jiddiy samara berayotganini eʼtirof etmoqda.

— Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni soʻraydi. Shundan soʻng, oʻz uyim, boshpanam boʻlsa, oilam, bola-chaqam bilan sogʻ-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish uchun ikkita masalaga, yaʼni ichki ishlar va sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga katta eʼtibor qaratayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada, albatta, ulkan ishlar amalga oshirildi. Uchastka profilaktika inspektorlariga xizmat mashinalari va uy-joylar ajratilmoqda. Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilandi. “Xavfsiz shahar” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa yoshlarimiz uchun ularning sogʻlom tugʻilishidan to mustaqil hayotga qadam qoʻygunicha barcha zarur sharoitlar yaratib berilayotgani eʼtiborlidir. Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasining sentyabr oyida boʻlib oʻtgan sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida xalqaro konvensiya ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani bu boradagi yanada bir muhim qadam boʻldi.

Joriy yilda boshqa muhim meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qatorida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuzilib, barcha davlat organlari va mahallalarda yoshlar masalalari boʻyicha rahbar oʻrinbosari lavozimlari tashkil etildi.

Ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom koʻrsatish xalqimizning eng olijanob qadriyati hisoblanadi. Shu maʼnoda, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini jonlantirish, xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini oshirish, ularning mehnatini munosib baholash va ragʻbatlantirish, hayotiy manfaatlarini taʼminlash masalalari davlatimizning doimiy eʼtiborida turibdi.

Shu bilan birga sogʻliqni saqlash sohasida ulkan yangilanishlar roʻy berdi. Dori-darmon taʼminoti, tez tibbiy yordam, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan yaxshilash, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq muhim vazifalar amalga oshirildi. Qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinika, 400 dan ortiq tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Qishloqda ishlaydigan 700 ga yaqin shifokor xizmat uylari bilan taʼminlandi.

Xorijdagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan 60 ga yaqin oʻzbekistonlik malakali shifokor yurtimizga olib kelinib, qulay sharoit bilan taʼminlandi. Ular aholi salomatligini mustahkamlash yoʻlida xizmat qilmoqda. Shuningdek, xorijdagi yirik tibbiyot maskanlarining shifokorlari Oʻzbekistonga kelib, murakkab operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Hududlarda poytaxtdagi ixtisoslashgan tibbiy markazlarning filiallari tashkil etildi. Patronaj va skrining masalasiga eng asosiy vazifa sifatida qaralmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda yoʻl-transport infratuzilmasi, kommunal xizmat darajasini yaxshilashga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Qishloq joylarga toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish boʻyicha katta-katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda yangi madaniyat va istirohat bogʻlari, dam olish maskanlari, kinoteatrlar, koʻrgazma zallari, kutubxonalar bunyod etilmoqda.

Shahar va qishloqlarda yangi loyihalar asosida zamonaviy, arzon uy-joylar qurilayotgani tahsinga loyiqdir. Joriy yilda shaharlarda 191 ta koʻp qavatli, qishloq joylarda yangilangan namunadagi 24 mingta uy-joy barpo etildi. Natijada 33 mingdan ziyod oila, jumladan, 7 ming yosh oila yangi uy-joyga ega boʻldi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish mavzuiga toʻxtalib, oʻnlab yangi sanoat korxonalari bunyod etilayotgani, valyuta bozori liberallashtirilib, soʻmning erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladi.

Taʼkidlash joizki, tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, bu sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar tufayli yurtimizda yangi-yangi sanoat korxonalari, xizmat va servis shoxobchalari tashkil etilmoqda, eng muhimi, minglab odamlar ish bilan taʼminlanmoqda.

Bu yilgi mavsumda murakkab iqlim sharoiti, ob-havo injiqliklariga qaramasdan, mirishkor dehqon va fermerlarimiz ulkan gʻalla va paxta xirmonlarini koʻtarib, barcha qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil yetishtirishga muvaffaq boʻldi. Shavkat Mirziyoyev shuni taʼkidlar ekan, bu yil yurtimizda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida qonun qabul qilingani, shu kunlarda barcha viloyat va tumanlarda ana shu sana hosil bayrami sifatida keng nishonlanayotganini qayd etdi.

Ilm-fan, adabiyot, sanʼat va madaniyat sohalarini rivojlantirish boʻyicha ham qator qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbari ushbu sohalar vakillari bilan bir necha bor uchrashib, ular oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qildi. Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga zarur mablagʻ va resurslar ajratildi. Yangi ilmiy markazlar, texnoparklar tashkil etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgani bu borada muhim yangilik boʻldi.

— Ilm-fan – taraqqiyot asosi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Zamonaviy ilm-fan yutuqlariga, innovatsion gʻoyalarga tayanmagan davlatning ham, jamiyatning ham kelajagi yoʻq. Faqat ilm va maʼrifat, intellektual salohiyat, har tomonlama bilimli kadrlar hisobidan biz Oʻzbekistonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa olamiz.

Keyingi bir yilda yuz bergan va yaqqol koʻzga tashlanadigan yana bir voqea – uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Chegara masalalarida tarixiy kelishuvlarga erishildi. Yurtimizdagi millatlararo totuvlik va oʻzaro hurmat muhiti mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbari 2017 yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, xalq bilan bamaslahat ish olib borgan odam ham, davlat ham hech qachon kam boʻlmasligiga, har qanday qiyinchiliklarni yengib, oʻzining ezgu maqsad-muddaolariga albatta erishishiga barchamiz kundalik hayotimizda ishonch hosil qilayotganimizni alohida taʼkidladi.

Shunday ekan, bu yoʻlda boshlangan xayrli ishlar kelgusida ham albatta davom etaveradi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.