Velosport. Hamyurtlarimiz Osiyo chempionatida kumush va bronza medallari sohiblari

0
239
marta koʻrilgan.
16-20 fevral kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida erkaklar, ayollar va yoshlar oʻrtasida velosport boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi.
 
Ushbu qitʼa birinchiligida Oʻzbekiston terma jamoasi sportchilari ham ishtirok etdilar. Musobaqada velosport-trek yoʻnalishi boʻyicha bahslarda qatnashgan hamyurtimiz Murodjon Xolmurodov bronza medali sohibiga aylandi. Hamyurtimiz bahslarda jahon kubogi gʻolibi Nikita Panassenko (Qozogʻiston) va Osiyo chempioni Shunsuke Imamura (Yaponiya) larni ortda qoldirgani eʼtiborga molik.
 
Musobaqada birinchi oʻrinni Birlashgan Arab Amirliklari vakili Mirza al Hammadi qoʻlga kiritgan boʻlsa, ikkinchi oʻrin gonkonglik Chong King Lukka nasib qildi.
 
Yoshlar oʻrtasida Omnium bahslari finalida boshqa bir sportchimiz Danil Yevdokimov marraga ikkinchi boʻlib yetib keldi va kumush medal sohibiga aylandi.
 
Musobaqaning oltin va bronza medallarini Janubiy Koreya va Xitoy Taypeyidan tashrif buyurgan sportchilar qoʻlga kiritishdi. 
 
Shuningdek, 18-19 fevral kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Velosport Konfederatsiyasi(ASS)ning Kongressi oʻtkazildi. 
 
Kongress davomida Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev Osiyo Velosport Konfederatsiyasining vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
 
Kongressda Oʻzbekiston 2019 yilgi Osiyo chempionati mezbonligi huquqini qoʻlga kiritdi. Undan tashqari Osiyo Velosport Konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi ham poytaxtimizda oʻtkaziladigan boʻldi. 
 
Maʼlumot uchun: Velosport boʻyicha Osiyo Chempionati kontinental musobaqa hisoblanib, ilk bora 1963 yilda tashkil qilingan. U oʻz ichiga shosse va trek yoʻnalishlarini qamrab oladi. Mazkur musobaqada qitʼamizning 500 nafardan ortiq velosportchilari qatnashadilar.
 
Javlon SAʼDULLAYEV tayyorladi.
 
 
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.