Tojikistonda start olgan veloshosse boʻyicha Osiyo chempionatining birinchi kuni Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Ilk kunning oʻzida jamoa oltin medal sohibi boʻldi.
Ayollar bellashuvida 24 km masofaga kechgan jamoaviy poyga yoʻnalishida yurtimiz qizlari eng yaxshi natija qayd etishdi. Yanina Kuskova, Margarita Misyurina, Shahnoza Abdullayeva hamda Anna Kulikovadan iborat jamoamiz masofani 32:14.911 daqiqa ichida bosib oʻtishdi.
Faxr bilan shuni aytish mumkinki, yurtimiz terma jamoasi mazkur yoʻnalishda birinchi bor Osiyo chempionatining oltin medaliga sazovor boʻlishdi.
Ikkinchi oʻrin Qozogʻiston terma jamosiga nasib etdi. Eronlik velosportchilar kuchli uchlikni yakunlab berishdi.
Musobaqa davom etadi. Chempionatda ishtirok etadigan boshqa sportchilarimizga ham omadlar tilaymiz.
J. SAʼDULLAYEV tayyorladi.