Vengriyaning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

0
103
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», «Bonafarm», «Wizz Air», «Raba Holding», «Meditop», «Master Good», «Kite» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston yetakchisining xorijiy tashriflari davomida ishbilarmonlar bilan ochiq uchrashuvlar oʻtkazish oʻzgarmas anʼanaga aylangan. Bunday tadbirlar bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy muvaffaqiyatlarini ilgari surish, chet el sarmoyadorlarini oʻzaro manfaatli loyihalarga jalb qilishga xizmat qiladi.

Vengriya – Yevropaning eng tez oʻsib borayotgan iqtisodiyotlaridan biri, qishloq xoʻjaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Oxirgi 5 yilda tovar ayirboshlash 3 barobar koʻpaydi. Qoʻshma korxonalar va investitsiyalar hajmi oshmoqda.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini tubdan takomillashtirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini sanab oʻtdi: valyuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi.

– Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qoʻshma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.

Faqat Vengriya kompaniyalari uchun moʻljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash taklif etildi.

Davlatimiz rahbarining fikricha, boʻlajak qoʻshma loyihalar hamda ularning doirasida vengriyalik sheriklarning ilmiy ishlanmalari, konstruktorlik innovatsiyalari va texnologiyalari oʻzlashtirilishi katta sinergetik samara beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasining har bir aʼzosi bilan alohida muloqot qildi. Aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida batafsil fikr almashildi. Oʻzbekiston tomoni Vengriya ishbilarmonlariga ularning investitsiya rejalarini roʻyobga chiqarishda toʻliq koʻmaklashishga tayyorligi qayd etildi.

— Har bir tadbirkorni mamlakatimizga kelib, bugungi kunda investitsiyalar uchun eng yaxshi joy Oʻzbekiston ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etaman! – dedi Prezidentimiz.

Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berdilar hamda mamlakatimiz bozoriga chiqish, istiqbolli qoʻshma loyihalar amalga oshirishga tayyorligini bildirdilar.

Kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston-Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani ham tomonlar hamkorlik qilishdan manfaatdorligining navbatdagi yaqqol tasdigʻi boʻldi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq muddatlar va masʼul ijrochilar koʻrsatilgan kompleks “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston vazirlik va idoralariga vengriyalik hamkorlarga yurtimizda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashish topshirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.