Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirib, aholi daromadlarini koʻpaytirish choralari muhokama qilindi

0
25
marta koʻrilgan.

1 noyabr kuni Navbahor tumanida Navoiy viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining boshida yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari kengashlariga saylovlar demokratik tamoyillar asosida qizgʻin oʻtganini taʼkidlab, unda masʼuliyat bilan qatnashgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yoʻlida barchaga oʻrnak boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari yangi – 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Bu tashabbus doirasida respublika tanlovi va navoiyxonlik kechalari oʻtkaziladi, yoshlarbop kitoblar chop etiladi, shoir asarlari boʻyicha filmlar tayyorlanadi. “Yangi Navoiy” shaharchasida muhtasham haykal va muzey barpo etiladi.

Iqtisodiyot haqida gap ketar ekan, koʻrsatkichlar va rejalar atroflicha tahlil qilindi.

Soʻnggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratilgan. Tadbirkorlar soni 3 karra koʻpaygan. Shu vaqt ichida viloyat iqtisodiyoti toʻqqizinchi oʻrindan uchinchi oʻringa chiqib, 82 trillion soʻmga yetgan. Bu yil 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha bajarilib, 10 mingta yuqori daromadli ish oʻrni paydo boʻladi.

Shu bilan birga, imkoniyatlar hali koʻp. Navoiy viloyati mamlakatimiz markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud. Yurtimizdagi 5 trillion dollarlikdan ortiq qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Bu istalgancha investor talabini qondira oladi.

Viloyatda har yili 100 trillion soʻmlikdan ortiq sanoat mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Jon boshiga daromad respublikada ikkinchi oʻrinda. Bular mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, savdo, xizmatlar, umumiy ovqatlanish va turizmni kengaytirish uchun katta imkoniyat.

Hozirda viloyatda 11 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida. Bular – yangi sanoat va servis korxonalarining uzluksiz ishlashi kafolati.

Shu nuqtai nazardan, viloyat hokimi, 11 ta shahar va tuman hokimlari, davlat tashkilotlari va banklar, 330 ta mahalladagi “ettilik” bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana olayapti, deya savol qoʻyildi.

2025 yilda viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilishi, natijada 600 ta yangi korxona ochilib, 15 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, bu loyihalar nafaqat Navoiy, balki atrofidagi viloyatlar sanoatini ham ergashtiradi.

“Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi yangi qonunga muvofiq, endi yangi tizim boʻladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan oʻtadi.

Navoiy viloyatida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy boshqarmasi ochiladi. Endi litsenziya va ruxsatnoma berish, konlarni auksionga chiqarishni boshqarmaning oʻzi hal qiladi.

Viloyat hududidan Zarafshon daryosi va Oqdaryo oʻtgan. Yana 256 kilometr soy, 2 ming kilometrdan ziyod kanallar bor. Ularda kichik gidro elektr stansiyalar qurish boʻyicha koʻrsatma berildi. Buning uchun 10 million dollar ajratiladi, GESlar “sanoat ipotekasi” asosida tadbirkorlarga beriladi.

Kelgusi yilda Navoiyga 500 ming xorijiy turistni jalb qilib, bu xizmat eksportini 150 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Yoʻl boʻylarida yengil konstruksiyalari shoxobchalar tashkil etib, savdo va servislarni koʻpaytirish imkoniyati koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda bandlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatda 16 ming kambagʻal oila, 8 mingdan ziyod ishsiz fuqaro bor. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi qoʻshimcha salohiyatdan foydalanib, ularni ish bilan taʼminlash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Bandlik va ijtimoiy himoya tizimlari birgalikda bir yilda 16 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsadi belgilandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilib, bozorlarga kunlik yetkazib berish, ularning narxini barqarorlashtirish zarurligi qayd etildi.

Bunda qishloq xoʻjaligi muhim. Lekin Navoiyda bor-yoʻgʻi 100 ming gektarda ekin ekilayapti. Uning 72 foizi nasosda sugʻoriladi.  9 million gektar yaylov boʻlsa-da, chorva kam.

Shu bois kelgusi yilda paxtachilikda Turkiya, Xitoy urugʻi va texnologiyasini olib kelib, hosildorlikni 70 sentnerga chiqarish, 7 ming gektar bogʻ va tokzorlarni yangilash, hamma suvli yerlarni lazerli tekislab, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda kungaboqar yetishtirish choralari belgilandi. Yaylovlarga dron bilan ozuqa ekinlari, dorivor va ziravorlar urugʻlar sepilib, 50 ming aholiga boʻlib beriladi. Umuman, uch yilda 3 million gektar yaylov yaxshilanib, chorva 10 karra koʻpaytiriladi.

Infratuzilma bilan bogʻliq masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Zarafshon shahrida aholi tez oʻsayotganini inobatga olib, uning hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirish va 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi aytildi.

Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Xorijiy investorlar ham koʻp kelayapti. Ularga qulaylik yaratish uchun Zarafshon shahridagi aeroportdan foydalanish, “Yangi Tomdi” qoʻrgʻoniga qoʻshimcha elektr tarmogʻi tortib, tadbirkorllik loyihalarini koʻpaytirish mumkin.

Chekka hududlardagi 18 ta eski maktabni va ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, bogʻcha va maktablar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash vazifalari belgilandi. Tadbirkorlik qilishga qiziqishi bor 9 ming xotin-qizni kasbga oʻqitib, bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va “Yashil makon” dasturining bajarilish holati ham koʻrib chiqildi.

Mutasaddilar, tumanlar va tarmoqlar rahbarlari joriy yil yakunida kutilayotgan natijalar, kelgusi yilga moʻljallangan rejalar boʻyicha viloyat faollari va xalq oldida axborot berdi.

Yigʻilishga videoselektor orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ham ulandi. Ularning rahbarlari Navoiy viloyatida koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlarda oʻz hududida ham imkoniyatlar borligini tasdiqlab, bundan xulosa qilishi va natijadorlikni oshirishini aytdi. Xususan, sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmat loyihalarini jadallashtirib, hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasbga yoʻnaltirish orqali aholi bandligini taʼminlash choralarini bayon qildi. Yil yakunigacha va kelgusi yilga moʻljallangan rejalar belgilandi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.