Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizdagi muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, muzeylarga innovatsion texnologiyalarni samarali qoʻllash, shuningdek, muzeylarda oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish, muzey toʻplamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosimizni keng targʻib qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2023 yillarda davlat muzeylarida tashkil etiladigan qoʻshimcha xizmatlarning manzilli rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid 2022-2024 yillarda yangi tashkil etiladigan ekspozitsiyalarning manzilli rejasi 2-ilovaga muvofiq;
2022-2024 yillarda davlat muzeylarida ixtisoslashtirilgan restavratsiya laboratoriyalarini tashkil qilishning manzilli rejasi 3-ilovaga muvofiq;
Noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini tayyorlash hamda ularni realizatsiya qilish boʻyicha 2022-2026 yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq;
Muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish rejasi 5-ilovaga muvofiq;
2022-2023 yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga koʻra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
pulli xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi va ular moddiy ragʻbatlantiriladi, qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;
davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda – Madaniy meros agentligi) bilan kelishgan hamda bozor konʼyunkturasini hisobga olgan holda, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qoʻshimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.
Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari, muzeylarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turkiya Respublikasining malakali kompaniyasini jalb etgan holda Toshkent shahri shahar byudjeti mablagʻlari va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan 2022 yil 1 noyabrga qadar jahonning mashhur muzeylaridagi eng ilgʻor tajribalarni qoʻllagan holda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi binolarini zamonaviy rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalarini yaratish hamda ularda xizmatlar koʻrsatish sohasini namuna sifatida tayyorlayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Madaniy meros agentligi, Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasin, bunda, zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni chuqur ilmiy-tarixiy asoslanishiga eʼtibor qaratsin.
4. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda – Respublika ishchi guruhi) tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika ishchi guruhining (A.A.Abduxakimov) asosiy vazifalari etib belgilansin:
muzeylar faoliyatini takomillashtirish va ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bu borada belgilangan vazifalarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishini muvofiqlashtirish;
muzeylar faoliyati sohasida ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, ular faoliyatini keng targʻib qilish va ommalashtirish, sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini tizimli ravishda oshirib borish;
muzeylarning zamonaviy yangi konsepsiyalari, tashrif buyuruvchilar, xususan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, muzey ashyolarini ishonchli saqlash, turistlarga xizmat koʻrsatishni rivojlantirish, sohaga xorijiy ilgʻor tajribalarni samarali qoʻllash, muzeylar faoliyatini raqamlashtirish;
zamonaviy ilgʻor arxitektura-rejalashtirish, interyer, dizayn va landshaft yechimlariga eʼtibor qaratgan holda har bir muzey binosining eskiz loyihasini muzey faoliyatining yoʻnalishi va mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlash;
foydalanilmayotgan, turistlar uchun ochiq boʻlmagan va turistik xizmatlar koʻrsatilmayotgan mos madaniy meros obyektlarini muzeylar, koʻrgazmalar, art-rezidensiyalar, boshqa madaniyat va turizm obyektlariga aylantirish choralarini koʻrish.
5. 2023-2026 yillarda muzeylashtiriladigan arxeologiya yodgorliklarining manzilli rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Madaniy meros agentligi Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda arxeologiya sohasidagi ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda, ushbu qarorga 8-ilovaga muvofiq arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, konservatsiyalash va ularda ochiq osmon ostida muzey tashkil etish hamda uni turizm obyektiga aylantirish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, bu boradagi xarajatlar madaniy meros sohasiga ajratiladigan Davlat byudjeti va tegishli mahalliy byudjet mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, davlat tashkilotlari va muassasalari oʻzlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlardan namunalarni davlat muzeylariga bepul beradi.
Madaniy meros agentligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.N.Sattarov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan oʻzlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlar namunalarining tegishli davlat muzeylariga bepul berilishini muvofiqlashtirsin.
7. Aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni ragʻbatlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi 2022 yil 1 iyuldan boshlab tashkil etilsin va doimiy ravishda oʻtkazib borilsin.
8. Belgilansinki, “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida:
davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlarini xarid qilish uchun 2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili Madaniy meros jamgʻarmasiga Davlat byudjetidan madaniy meros va muzeylar sohasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 3 milliard soʻmdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetidan 500 million soʻmdan mablagʻ ajratib boriladi, amaliy talabni inobatga olingan holda ushbu mablagʻ miqdori oshirilishi mumkin;
ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng koʻlamda targʻibot-tashviqot ishlari hamda joylarda ekspeditsiyalar tashkil etiladi;
madaniy boyliklarni aniqlash va davlat muzeylariga topshirishda faol ishtirok etgan aholi vakillarining namunali faoliyati keng targʻib etiladi hamda ular qoʻllab-quvvatlanadi;
har yili davlat muzeylariga aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar koʻrgazmasi tashkil etiladi hamda ular haqidagi maʼlumotlar Madaniy meros agentligi va tegishli davlat muzeyining rasmiy veb-saytiga majburiy tartibda joylashtirib boriladi.
9. Madaniy meros agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
har yili “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasini yil davomida yuqori saviyada oʻtkazish va unda faol ishtirok etgan shaxslarni munosib ragʻbatlantirish;
2022 yil yakuniga qadar aholidan madaniy boyliklarni qabul qilib olish (xarid qilish) jarayonini raqamlashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
10. Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Z.Shaxriyorov), Xalq taʼlimi vazirligi (B.O.Saidov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X.Toshkulov), vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taʼlim muassasalarining oʻquvchi va talabalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi boʻlgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatimizning tarixiy manzilgohlariga tashriflarini nazarda tutuvchi “Moziyga sayohat” dasturini tashkil etsin.
11. Belgilansinki, “Moziyga sayohat” dasturi doirasida:
turizm infratuzilma subyektlariga (joylashtirish vositalariga) chegirma taqdim qilish va aksiyalar oʻtkazish tavsiya etiladi;
davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, taʼlim muassasalari oʻquvchilarining, nogironligi boʻlgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning temir yoʻl chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari toʻliq hajmda tegishlicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan qoplanadi;
davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta byudjetdan tashqari mablagʻlar, kasaba uyushmalari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.
12. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2022 yil uchun, shuningdek, 2023 yildan har yili dekabr oyiga qadar “Moziyga sayohat” dasturi doirasida tashriflarni tashkil etishning maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlasin.
Bunda, moliyalashtirish miqdori va manbalari belgilangan holda, jumladan, muzeylarga tashrifi tashkil etiladigan:
hududlar kesimida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari va nogironligi boʻlgan shaxslar soni;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarining oʻquvchi va talabalari soni;
vazirlik va idoralar, yirik tarmoq va sohalar kesimida davlat tashkilotlarining xodimlari soni nazarda tutiladi.
13. Muzeylar faoliyatini keng targʻib qilish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
davlat muzeylarida oʻtkaziladigan koʻrgazmalar va madaniy-maʼrifiy tadbirlarning har yilgi kalendar rejasini Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etiladi, mazkur kalendar reja Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniy meros agentligi va davlat muzeylarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi hamda turizm faoliyati subyektlariga yetkaziladi;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali Madaniy meros agentligining bosh axborot hamkori etib belgilanadi. Bunda, Madaniy meros agentligi va “O‘zbekiston tarixi” telekanali har yarim yillik uchun madaniy meros va muzeylar sohasini keng targʻib qilish boʻyicha media-rejani ishlab chiqib, amalga oshiradi;
Madaniy meros agentligi tomonidan namoyish etishga tayyor holda taqdim etiladigan materiallarni “O‘zbekiston tarixi” telekanalida tomoshabinlar uchun qulay boʻlgan vaqtlarda bepul efirga uzatish yoʻlga qoʻyiladi;
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan har yili kamida 100 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual targʻibot materiallari tayyorlanib, keng ommalashtirib boriladi. Bu boradagi xarajatlar mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
moddiy madaniy meros obyektining koʻchmas mulki hisoblanmagan davlat muzeylari hududlaridagi boʻsh yer maydonlariga belgilangan tartibda tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) oʻrnatiladi, ushbu tadbirlar Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Madaniy meros agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishiga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrsin.
14. Muzeylar faoliyati sohasida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2023 yildan boshlab:
har ikki yilda bir marta may oyining ikkinchi oʻn kunligida “Muzeyshunoslik va arxeologiya tadqiqotlari: dolzarb muammolar va zamonaviy yechimlar” xalqaro forumi hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, “Buyuk ipak yoʻli” tadqiqotlari” koʻp jildli katalog taqdimoti, koʻrik-tanlov, koʻrgazma-savdolar, teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturlari oʻtkaziladi;
har yili muzeylarga ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan muzeylar sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislarning kamida 10 nafarini chet elga malaka oshirish va tajriba almashish uchun yuborish majburiy yoʻlga qoʻyiladi;
har yili kamida 2 ta madaniy meros sohasidagi tashkilot, shu jumladan, muzey hamda 100 nafar mutaxassisga Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Xalqaro muzeylar kengashiga (ICOM), Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashiga (IKOMOS) aʼzolik badalini toʻlab berish amaliyoti joriy etiladi.
Madaniy meros agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abdurahmonov), Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida
va samarali amalga oshirilishiga qaratilgan choralarni koʻrsin.
15. Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) Madaniy meros agentligi, Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi (Sh.Sh.Xasanov), Fanlar akademiyasi (B.A.Abduhalimov) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda har bir muzeydagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish manzilli rejasini tasdiqlasin;
ushbu manzilli rejaga muvofiq mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha muzeylardagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni malakali mutaxassislardan iborat tarkibda ekspertlar komissiyalarini tuzgan holda toʻliq xatlovdan oʻtkazsin;
muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy boyliklarni ishonchli muhofaza qilish choralarini kuchaytirsin.
16. Madaniy meros agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.H.Shermatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 aprelga qadar:
davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish hamda Milliy muzey fondi davlat elektron katalogini toʻliq shakllantirish va samarali yuritish choralarini koʻrsin;
Milliy muzey fondi davlat elektron katalogida noyob muzey ashyolarining yuqori sifatdagi fotosuratlari va 3D koʻrinishlarini joylashtirib, ularni monetizatsiya qilish tizimini yoʻlga qoʻysin;
Milliy muzey fondi davlat elektron katalogining madaniy boyliklarning xalqaro qidiruv tizimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektron xizmatlar maʼlumot bazalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
17. Madaniy meros agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Madaniy meros agentligi direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.A.Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari A.A.Joʻraboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV