Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi jamoasiga

0
33
marta koʻrilgan.
 

Qadrli yurtdoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlugʻ sana – akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilganining 50 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Oʻzbekistonda jarrohlik boʻyicha yetakchi va nufuzli muassasa hisoblangan ushbu Markaz koʻpmillatli ahil jamoasining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida alohida oʻrin egallab kelayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Bugungi quvonchli ayyomda Markazni tashkil etish, uning tibbiy salohiyatini oshirishda beqiyos xizmatlar qilgan tabarruk insonlar, xususan, xalqaro miqyosda tan olingan atoqli olim Vosit Vohidovning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yodga olamiz. Oʻzbekiston tibbiyot ilmida yorqin iz qoldirgan ana shu fidoyi va jonkuyar insonning saʼy-harakatlari bilan Markaz faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilib, yangi diagnostika va davolash usullari klinik amaliyotga birinchilardan boʻlib joriy etildi.

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli hozirgi kunda Markaz faoliyati yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Xususan, dunyoning yetakchi ilmiy markazlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda. Tibbiy diagnostika va davolashning ilgʻor va samarali usullari keng tatbiq etilmoqda.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda mazkur shifoxonada 200 dan ortiq yangi jarrohlik amaliyoti joriy etilib, qorin va koʻkrak sohasi hamda yurak qon-tomir kasalliklari boʻyicha eng murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar bajarilayotgani diqqatga sazovordir.

Bu haqda soʻz yuritganda, yurtimizda ilk bor shu maskanda yoʻlga qoʻyilgan tajriba asosida 1 ming 500 ta buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi, jumladan, tumanlarda 200 ta buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilganini taʼkidlash lozim.

Hech shubhasiz, bunday natijalarga erishishda mamlakatimizda xirurgiya xizmatini isloh etish, hududlarda uning sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish, Markaz va uning filiallari moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlar muhim omil boʻlmoqda.

Eng asosiysi, ogʻir xastaliklardan aziyat chekayotgan qancha-qancha yurtdoshlarimiz koʻp vaqt va mablagʻ evaziga xorijdagi klinikalarga borish azobidan qutulib, oʻzimizda davo topmoqda.

Fursatdan foydalanib, oʻz hayotini inson salomatligini saqlashdek gʻoyat olijanob ishga bagʻishlagan Markazning butun jamoasiga – hurmatli professor va tadqiqotchilar, mohir jarroh va shifokorlar, jonkuyar hamshiralar, mutaxassis xodimlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Albatta, Markaz va uning mintaqaviy filiallari, tuman tibbiyot birlashmalarining xirurgiya boʻlimlarini modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sizlarning mashaqqatli mehnatingizni ragʻbatlantirish kelgusida ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Siz, azizlarni bugungi quvonchli ayyom bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.