Davlatimiz rahbarining maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratayotgan alohida eʼtibori natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham zamonaviy bolalar bogʻchalari bunyod etilmoqda.
Qoʻngʻirot tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan «Wunderkinds in Kungirad» maktabgacha taʼlim muassasasi shulardan biri.
Tumanda foydalanilmay turgan bino «nol» qiymatda olinib, «Oʻzsanoatqurilishbank»ning imtiyozli krediti evaziga zamonaviy taʼmirlandi. Bolalarni qiziqtiradigan, dunyoqarashini boyitadigan oʻyinchoqlar bilan jihozlandi.
Bogʻchaga 90 dan ziyod bola qamrab olingan. Ularning yaxshi taʼlim-tarbiya olishi, toʻgʻri ovqatlanishi, jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolalarga rus, ingliz tillari interfaol usullar orqali oʻrgatiladi.
Farzandlarimizni bolaligidan sogʻlom, aqlli qilib tarbiyalasak, ertaga maktabga bilimli yoshlar keladi. Maktabni oʻquvchilar har tomonlama bilimli boʻlib bitirsa, institutlarimizga ilm-maʼrifatli, maʼnaviyatli yoshlar boradi, mamlakatimiz uchun yaxshi kadrlar yetishib chiqadi. Shuning uchun maktabgacha taʼlim doim diqqatimiz markazida boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz mutasaddi rahbarlar va bogʻcha xodimlariga tegishli tavsiyalar berdi.