Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilishi bilan muborakbod etdi.
Turli xalqlarning milliy oʻzligini, ularning tili va hayot tarzini, anʼana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik sanʼati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir. Jahon madaniy merosining bu oʻlmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tabrikda bugungi zamon talabi va qadriyatlar himoyasi, baxshilar ijodi va olimlarning vazifasi haqida dolzarb fikrlar ham aytildi. «Folklor sanʼati bu – insoniyatning bolalik qoʻshigʻidir», «Baxshilar nafaqat xalq oʻtmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir» degan soʻzlar butun anjumanning mazmun-mohiyatini ifodalagandek boʻldi.
Xalq dostonlari faqat sevgi-muhabbat tarannumi emas, balki madaniyat, maʼrifat, tarbiya vositasi boʻlib kelgan. Yozma manbalar boʻlmagan qadimgi davrlardayoq ajdodlarimiz ogʻzaki ijod orqali avlodlarga mardlik, yaxshilik, halollik, vatanparvarlik, doʻstlik ibratini yetkazgan. Shu jihatdan, baxshilar ezgulik elchilari boʻlgan va hamisha eʼzozlangan.
Bugungi globallashuv zamoniga kelib ushbu tarixiy sanʼat eʼtibordan chetda qoldi. Katta baxshilar keksayib, koʻp joylarda bu meros unutilib borayotgan edi. Chunki eʼtibor, qiziqish, ragʻbat yoʻq edi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Surxondaryoda baxshichilik maktabi tashkil etilgani uni asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazish uchun yaxshi sharoit yaratdi. 2018 yil 1 noyabr kuni bu sohaga doir yana bir tarixiy qaror — Prezidentimizning «Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Tashkiliy qoʻmita tuzilib, keng koʻlamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Festival ishtirokchilari, xorijlik mehmonlar va tomoshabinlar uchun zarur sharoit yaratildi.
Anjuman oʻtkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Baxshichilik sanʼatiga oid koʻrgazmalar, milliy soz va liboslar, oʻtov va soʻzanalar, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, kitoblar, albomlar namoyishi tashkil etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ochilish marosimidan soʻng ushbu koʻrgazmalar bilan tanishdi. Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlardan kelgan folklor jamoalarning chiqishlarini tomosha qildi, xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Ijodkor va hunarmandlar bilan suhbatlashib, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ikki yilda bir marta oʻtkaziladi, dostonchilik sanʼatini asrab-avaylash va keng targʻib qilish, turli xalqlar oʻrtasida doʻstlik va ijodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu yil birinchi marta oʻtkazilayotgan festivalda 74 ta mamlakatdan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda.