Xalqaro etnosport festivali ishtirokchilariga

0
66
marta koʻrilgan.

Hurmatli festival qatnashchilari!

Qadrli doʻstlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni butun dunyoda ochiq osmon ostidagi muzey sifatida shuhrat qozongan, koʻhna va betakror Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Yurtimizda birinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu anjumanda YUNYeSKO, TURKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi hamda unga aʼzo davlatlar vakillari, shuningdek, 63 ta mamlakatdan qariyb 930 nafar etnosport namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotgani festivalga dunyo miqyosida qiziqish va eʼtibor naqadar katta ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Mazkur xalqaro anjumanning uch ming yildan ziyod shonli oʻtmishga ega boʻlgan Xorazm zaminida oʻtkazilayotgani albatta bejiz emas. Bu qutlugʻ voha bizning boy tarix va madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizning qadimiy beshiklaridan biridir. Ushbu diyordan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud singari mard va jasur ajdodlarimiz, mohir sarkardalarimiz bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.

Maʼlumki, xalqning tarixi, milliy qadriyat va anʼanalarini oʻzida mujassam etadigan etnosport turlari yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, jismoniy va maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, dunyo davlatlari bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

Shu bois, mamlakatimizda milliy xalq oʻyinlarini targʻib etish va ommalashtirish, bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda bu borada qator qarorlar, jumladan, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Ayniqsa, milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalar tizimi tashkil etilgani, Toshkent shahrida har yili bir marta etnosport turlari boʻyicha respublika festivali, Xiva shahrida esa ikki yilda Xalqaro etnosport festivalini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani bu boradagi muhim amaliy qadamlarimizdir.

Yurtimizda har bir tuman va shaharning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil etish boʻyicha hududiy dasturlar qabul qilindi.

Ayrim etnosport turlari boʻyicha boshqaruv tizimi hamda sportchi va trenerlar zaxirasi shakllantirilgani, musobaqalarni doimiy oʻtkazish va ularni moliyalashtirish joriy etilgani bu sohadagi ishlarni muntazamlik asosida olib borish imkonini bermoqda.

Yosh avlod oʻrtasida milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini ommalashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ushbu yoʻnalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari ham eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.

Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, yurtimizda milliy sport turlari va xalq oʻyinlari roʻyxatlari shakllantirildi, oʻzbek kurashini YUNYeSKOning etnosport milliy oʻyinlari nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritish choralari koʻrilmoqda.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, ushbu festivaldagi ishtirokingiz uchun siz, azizlarga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan bu festival dunyodagi nufuzli sport anjumanlari qatoridan munosib oʻrin egallaydi.

Festival doirasida oʻtkaziladigan sport musobaqalari, xalqaro turnir, jahon chempionatlari va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va zafarlar yor boʻlsin!                                                                

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston  Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.