Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosini oʻtkazish toʻgʻrisida

0
94
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda qadimdan shakllanib kelayotgan kulolchilik anʼanalarini asrab-avaylash, tiklash va rivojlantirish, xalqaro darajada keng targʻib qilish, kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va uning eksportini oshirish, usta kulol hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, usta-shogird maktablari faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi (keyingi oʻrinlarda – Forum) hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, koʻrik-tanlov, taqdimot va namoyishlar, koʻrgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-maʼrifiy va targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazib borilsin.

Belgilansinki:

Forum har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Qoʻqon shahrida oʻtkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivali bilan uygʻun holda;

dastlabki Forum va uning doirasida “Anʼanaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022 yil sentyabr oyida Fargʻona viloyatining Rishton tumanida Qoʻqon shahrida oʻtkaziladigan II Xalqaro hunarmandchilik festivali kunlari tashkil etiladi.

2. Xalqaro hunarmandchilik festivalini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, shuningdek, ushbu Tashkiliy qoʻmita Forumni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ham Tashkiliy qoʻmita hisoblansin.

3. Tashkiliy qoʻmitaga (A.A.Abduxakimov):

Forumni yuqori badiiy saviyada oʻtkazish, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, bu borada masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

Forum sovrindorlariga topshiriladigan diplom va sertifikatlar namunalarini tayyorlash hamda tasdiqlash;

Forumni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklansin.

4. Belgilansinki:

a) Forum Tashkiliy qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda kelgusida bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida oʻtkazilishi mumkin;

b) Forum bevosita (oflayn) yoki aralash shaklda (oflayn-onlayn) oʻtkazilishi mumkin;

v) 2022 yildan keyin Forumni tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” “Hunarmand” uyushmasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda uni oʻtkazishdan kamida 6 oy oldin belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

g) Forumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan ishlab chiqiladigan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:

Forumga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Forum oʻtkaziladigan joy sifatida belgilangan hudud mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;

Forumni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi – Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, 50 foizi – Forum oʻtkazish belgilangan hudud mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Forum hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan tashkil etilgan boshqa xalqaro madaniy tadbirlar doirasida:

a) 2022 yil 1 martga qadar Forum rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, jumladan, unda hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovgʻalari realizatsiyasi tashkil etiladi hamda veb-sayt elektron savdo platformalari bilan integratsiya qilinadi.

Forum rasmiy veb-sayti orqali hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovgʻalari realizatsiya qilinganda 2024 yil 1 oktyabrga qadar davlat xaridlarini amalga oshirishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi. Bunda, davlat buyurtmachilari toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart;

b) muzey doʻkonlari, esdalik sovgʻalari savdo tarmoqlarining vakillari, xalqaro xaridorlar, mashhur kolleksionerlar tadbirlarga taklif etiladi, ularning Oʻzbekistonga kelib-ketishi va boʻlishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash ushbu xalqaro madaniy tadbirlarning smetasida nazarda tutiladi. Bunda, ularning roʻyxati tegishli xalqaro tadbirlarning tashkiliy qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi;

v) qonunchilikda xorijga olib chiqib ketish uchun badiiy ekspertizadan oʻtkazilishi talab etiladigan hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovgʻalari ular sotib olingan kunda tadbirlar oʻtkazilayotgan joyning oʻzida toʻlov undirilmasdan badiiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

Tashkiliy qoʻmita (A.A.Abduxakimov) ushbu bandda belgilangan vazifalar amalga oshirilishini tashkil qilsin, Forum rasmiy veb-saytini yaratish bilan bogʻliq xarajatlarni Forumning xarajatlar smetasida nazarda tutsin.

6. Fargʻona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev), Turizm va sport vazirligi (U.A.Azamov) bilan birgalikda uch oy muddatda Forumni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Forumni 2022 yilda tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov):

xorijiy davlatlardan kulolchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, mahoratli kulollar, amaliy sanʼat ustalari, soha olimlari va mutaxassislari, faxriy mehmonlarni Forumga taklif etishda tashkilotchilarga amaliy yordam koʻrsatsin;

Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasining viza talabnomalariga binoan Forumning xorijiy ishtirokchilari uchun kirish vizalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

8. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) va Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda Forumning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda oʻtkazish uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenariynavis va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, hunarmandlar, sahnalashtiruvchi rassomlar, isteʼdodli sanʼatkorlarning belgilangan tartibda keng jalb etilishini taʼminlasin.

9. Forum oʻtkaziladigan joy sifatida belgilangan hudud inobatga olingan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jumladan, 2022 yilda oʻtkaziladigan Forum boʻyicha Fargʻona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov):

a) tegishli hududlarda keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Forum oʻtkaziladigan sahna maydonlari hamda joylarning talab darajasida tayyorlanishini;

b) Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Kinematografiya agentligi va Badiiy akademiya bilan birgalikda:

Forum doirasida tadbirlar oʻtkaziladigan hududda kulolchilik sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar, kulolchilik buyumlari, qadimiy kulolchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, kulolchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishini;

Forum doirasida teatrlashtirilgan tomoshalaraskiya va qiziqchilarfolklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etilishini;

Forum dasturi ishlab chiqilishini va Forum boshlanishidan uch oy oldin turistik tashkilotlarga taqdim etilishini, Internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;

Forumning turizm kalendar rejasiga kiritilishini hamda unga xorijiy mehmonlar va sayyohlar jalb qilinishini;

v) Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Forum qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratilishini taʼminlasin.

10. Quyidagilar:

Fargʻona viloyati hokimligi (X.X.Bozarov) Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar milliy hunarmandchilikning kulolchilik yoʻnalishlarini YUNYeSKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritishga tavsiya etish boʻyicha;

Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari “Hunarmand” uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2025 yil yakuniga qadar tegishlicha hunarmandchilikning hududda rivojlangan yoʻnalishini inobatga olib, Rishton, Margʻilon, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Shahrisabz va Nurota shaharlarini Jahon hunarmandlari shahri maqomini olishga tavsiya etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Belgilab qoʻyilsinki, ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy ekspert va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

11. Transport vazirligi (I.R.Maxkamov) Forum qatnashchilarini Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi buyurtmalariga muvofiq, belgilangan tartibda avia va temir yoʻl chiptalari bilan taʼminlasin.

12. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov) va “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) bilan birgalikda Forumga tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlar va qatnashchilarni kutib olish, joylashtirish va ularni Forum oʻtkaziladigan hududga yuborishni tashkil etsin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) Forum oʻtkaziladigan joylarda va ushbu tadbirlar davomida tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etsin hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya qilinishini nazorat qilsin.

14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), “Dunyo” axborot agentligi (S.L.Suyarov) va boshqa ommaviy axborot vositalari Forumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borishni tashkil etsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikramov hamda “Hunarmand” uyushmasi raisi U.T.Abdullayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.