Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar tahlil qilindi

0
85
marta koʻrilgan.

20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida ichimlik suvi, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda xalqaro moliya institutlari koʻmagida amalga oshirilayotgan loyihalarning soni ham, koʻlami ham kengayib bormoqda. Xususan, oxirgi yetti yilda shunday institutlar mablagʻlari hisobidan 16 milliard dollar oʻzlashtirildi. 103 ta loyiha ishga tushirildi.

Bularning natijasida 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga taʼsir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurildi va taʼmirlandi. 38 ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalar hisobiga, sohalarga yangi texnologiyalar, zamonaviy yondashuvlar ham kirib kelayapti.

Lekin, hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida joriy yilda 238 million dollar xalqaro moliya institutlari mablagʻlari oʻzlashtirilishi kutilmoqda. Bu moʻljaldan ancha kam.

Umuman, soʻnggi yillarda sohaga 2,4 milliard dollar jalb qilinib, shundan 1,3 milliard dollari oʻzlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligida 877 million dollarlik 11 ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtimizning Yashnobod tumanida kattalar uchun koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari boʻyicha investitsiya oʻzlashtirish boshlanmagan.

“Oʻzsuvtaʼminot” tarmogʻida qiymati 2,1 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8 ta loyihaning oʻz vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor.

Bu koʻp hollarda loyiha guruhlari faoliyati bilan bogʻliq ekani koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari loyihalar bajarilishida vazirlarning masʼuliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablagʻlarni samarali ishlatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Mutasaddilar yil yakunigacha va 2024 yilda ishlarni jadallashtirib, kechikishlarni bartaraf etish, loyihalarni sifatli bajarib, natijasini taʼminlash boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.