Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi ijrosidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligining Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti (Royal Agriculture University, keyingi oʻrinlarda – hamkor universitet) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini (keyingi oʻrinlarda – Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanganligi:
agrar sohani rivojlantirish, jahon tendensiyalarini va tajribasini aks ettirishga moslashgan “ilmga asoslangan, amaliyotga yoʻnaltirilgan (science-based, practice-oriented) taʼlim” tamoyili asosida va milliy anʼanalar uygʻunligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlash;
ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, agrotexnologiya va ekologik barqarorlik amaliyotlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligida biznes va operativ samaradorlikni ishlab chiqishni qamrab oladigan ilmiy tadqiqotlar olib borish;
qishloq xoʻjaligi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda oʻquv tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatish, qoʻshma taʼlim dasturlari va loyihalarni amalga oshirish;
b) Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitet Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti tomonidan taʼsis etiladigan toʻliq akademik va moliyaviy mustaqil boʻlgan davlat ishtirokidagi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Universitet Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi;
Universitet tomonidan beriladigan diplom Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadi;
Universitetda taʼlim grant va toʻlov—kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Universitet jalb etilgan xorijiy mutaxassislar, mahalliy xodimlarning ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorini mustaqil belgilaydi;
Universitet rektori Kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bunda Universitet rektori Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan koʻrsatiladi.
4. Universitetga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–60-son va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–61-son qarorlarida belgilangan akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq qilinadi.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Universitetda davlat muassasasi shaklidagi xoʻjalik hisobidan moliyalashtiriladigan Qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat va xususiy sektorda faoliyat yurituvchi soha vakillari, shuningdek, fermer xoʻjaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini xorijiy tajribalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
mahalliy qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan oliy va professional taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy salohiyatni yuksaltirishga hissa qoʻshish, jumladan, tadqiqotchilar uchun zamonaviy tadqiqotlar olib borish va nufuzli jurnallarda maqolalar chop etishni qoʻllab-quvvatlovchi oʻquv kurslari tashkil etish;
xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini aniqlash uchun doimiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2022 yil yakuniga qadar Universitetda xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-oʻqituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shugʻullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazini tashkil etsin.
7. Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining Kuzatuv kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning vakolatlari etib quyidagilar belgilansin:
Universitetga talabalarni qabul qilish parametrlarini, Universitetdagi taʼlim shakli, turi va tilini belgilash;
Universitetda yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini, shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha doktorantura ixtisosliklarini ochish;
Universitet rahbariyati va xodimlari hamda professor-oʻqituvchilarini ishga qabul qilish tartibini belgilash, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;
xorijiy va mahalliy yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan talabalarning akademik mobilligini taʼminlash hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish;
Universitetni rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli strategik rejalarini tasdiqlash;
bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni oʻqishga qabul qilishda test sinovlari topshiriladigan fanlar majmuasini va oʻqish uchun toʻlov miqdorini belgilash;
Universitetning oʻrta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;
Universitetning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat oʻtkazish boʻyicha qoʻshimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
8. Universitet faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligi sohasi uchun byudjet koʻmagi dasturidan 6 million AQSH dollari miqdoridagi va Jahon bankining 11 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari;
talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik, ilmiy faoliyat va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va muassislar mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev):
a) bir oy muddatda Universitet ustavining tasdiqlanishi va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin. Bunda:
xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻysin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul jarayonini tashkil etsin;
Universitetning vaqtinchalik binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasini ishlab chiqsin, oʻrnatilgan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin hamda xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hisobidan binoda taʼmirlash-qurilish ishlarini tashkillashtirsin;
zarur boʻlgan oʻquv, ilmiy laboratoriyalar, oʻquv adabiyotlari roʻyxatini shakllantirsin va xaridini tashkil etish choralarini koʻrsin;
Universitetni tashkil etish davrida uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy, yuridik, iqtisodiy, oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etishda koʻmaklashsin;
b) uch oy muddatda:
Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligi sohasi uchun byudjet koʻmagi dasturidan 300 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan Universitet professor-oʻqituvchilarini qisqa muddatli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida bitimlarni imzolasin;
soha mutaxassislarini, shuningdek, fermer xoʻjaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini tasdiqlasin;
Qishloq xoʻjaligi sohasidagi kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha qisqa muddatli professional oʻqitish kurslari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
v) Qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin va uning faoliyatini 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻysin;
g) 2024/2025 oʻquv yiliga qadar xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hisobidan yetakchi loyiha va pudratchi kompaniyalarni jalb etgan holda Universitet yangi oʻquv kampusi qurilishini taʼminlasin.
12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oliy attestatsiya komissiyasining 2023 yil 1 yanvardan boshlab Universitet ilmiy salohiyatini oshirish uchun belgilangan tartibda ixtisoslashgan ilmiy kengash tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzolarining 50 foizi xalqaro hamkorlar va xorijiy vatandoshlar orasidan tanlanadi.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Universitetni Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar shaharchasi, Universitet koʻchasi, 2-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirsin.
Yangi bino qurilgunga qadar Universitetga Toshkent davlat agrar universitetining sport majmuasi, talabalar turar joyi hamda oʻquv laboratoriyalaridan vaqtincha foydalanishga ruxsat berilsin.
14. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining viza talabnomalariga binoan Universitetga taklif qilinadigan chet ellik professor-oʻqituvchilar, mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov) bilan birgalikda hududlarda Universitet faoliyati va 2022/2023 oʻquv yili uchun qabulni samarali tashkil etish maqsadida targʻibot ishlarini amalga oshirsin.
16. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev) bilan birgalikda Universitetning mahalliy professor-oʻqituvchilari, magistrantlari va talabalarini “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va oʻqishga yuborish choralarini koʻrsin.
17. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
18. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV