Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya milliy tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, mahsulotlar sifatini oshirish, jahon bozorlariga chiqish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, yurtimizda mavjud 30 mingga yaqin standartning 19 mingtasi xalqaro normalar bilan uygʻunlashtirildi va xalqaro standartlar reestri shakllantirildi.
Eskirgan, bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan 5 ming 600 ta standart amaliyotdan chiqarildi, 3 ming 500 tasi zamon talablari asosida takomillashtirildi. Xalqaro analoglarga muvofiq qoʻshimcha 26 ta texnik reglament ishlab chiqildi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi 260 ta korxonada “Global G.A.P.” hamda “Organic” standartlari asosida sifat tizimi joriy etildi va ular xalqaro darajada sertifikatlashtirildi.
32 ta toʻqimachilik korxonasi “Oeko-Tex” standarti asosida sertifikatlashtirildi. 21 ta korxona Yevropa Ittifoqida talab etiladigan “SE” markirovkasini tasdiqlovchi sertifikat oldi.
Sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, yurtimizga chet ellardan keltirilayotgan mahsulotlar sifati ham oʻrganib borilmoqda.
Shu bilan birga, ishlab chiqarishda, esport va import jarayonlarida standartlar bilan bogʻliq yana koʻplab vazifalar bor. Ayrim tartib-taomillar tadbirkorlarga qiyinchilik tugʻdirmoqda.
Taqdimotda shu masalalarni hal etish, sohadagi tartiblarni takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Masalan, bugungi kunda 3 ming 400 turdagi mahsulotga sanitariya-epidemiologik xulosa bilan birga muvofiqlik sertifikati ham talab etilmoqda.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga sanitariya-epidemiologik xulosa olinadigan mahsulotlar roʻyxatini maqbullashtirish, qoʻshimcha muvofiqlik sertifikati talabini bekor qilish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha topshiriq berdi.
Import mahsulotlar sinovi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida amalga oshirilib, bunga 60 kungacha vaqt ketmoqda. Shu bois, bu boradagi hujjatlarni kamida 30 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.
Sohani takomillashtirishda jahon tajribasidan foydalanilmoqda. Jumladan, Yevropada faqatgina 28 turdagi xavfi yuqori boʻlgan mahsulot majburiy sertifikatlanadi, qolgan barcha turdagi tovarlar muvofiqligi deklaratsiyalash orqali tasdiqlanadi.
Taqdimotda shunday tizimni tajriba-sinov tariqasida amaliyotga kiritish zarurligi qayd etildi. Dastlabki bosqichda 800 ga yaqin mahsulot turi boʻyicha deklaratsiyalash tartibi joriy etiladi.
Xalqaro talablar bilan uygʻunlashmagan qolgan 11 mingta milliy standart oʻrniga xalqaro standartlarni qabul qilish hamda 2023 yildan barcha korxonalarni ushbu standartlarga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi.
“Oʻzstandart” agentligi tizimidagi 20 ta sinov laboratoriyasi faoliyatini xalqaro darajada tashkil etib, birinchi navbatda oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, elektr texnikasi, yengil sanoat, gigiyena va parfyumeriya mahsulotlari hamda qurilish materiallarining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholashni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlardan keng foydalanish uchun korxonalarga xalqaro sertifikatlar olishda koʻmaklashish kerakligi qayd etildi.
Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik toʻsiqlar hamda Sanitariya va fitosanitariya choralari toʻgʻrisidagi bitimlari normalaridan kelib chiqib, ushbu sohalarga masʼul idoralarning vakolatlarini aniq belgilash vazifasi qoʻyildi.