Qadrli doʻstlar!
Madaniyat va sanʼat sohasining fidoyilari!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali millionlab sanʼat muxlislarini 27 mart – Xalqaro teatr kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.
Hammamizga yaxshi maʼlumki, inson va jamiyat hayotida, xalqning maʼnaviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksaltirishda teatr sanʼatining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy aytganlaridek, teatr haqiqatan ham ibratxona, qutlugʻ tarbiya va maʼrifat maskanidir.
Jahondagi eng ommaviy va taʼsirchan sanʼat turlaridan biri boʻlgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, ularning qalbida olijanob fazilatlar, goʻzal his-tuygʻularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Dunyodagi 100 dan ziyod mamlakatda keng nishonlanayotgan mana shu quvonchli bayram kunida bir asrdan ziyod shonli tarixga, ijodiy maktablarga ega boʻlgan oʻzbek teatr sanʼati oʻzining boy anʼana va qadriyatlarini saqlab, zamon bilan hamnafas boʻlib, izchil rivojlanib kelayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Hayot yoʻllarida uchrab turadigan turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, oʻzining sevgan kasbiga, qadrdon sahnasiga hamisha sadoqat koʻrsatib, koʻpmillatli xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, azizlarning – ustoz sanʼatkorlar, taniqli dramaturg va rejissyorlar, sozanda va bastakorlar, yosh aktyorlar, sahna rassomlari va texnik xodimlarning mashaqqatli va fidokorona mehnatingizni har qancha olqishlasak, sizlarga chin qalbdan rahmat aytsak, arziydi, albatta.
Biz sizlarning timsolingizda teatr degan noyob va beqiyos maʼnaviy boylikni asrab-avaylab, rivojlantirib, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgan olijanob insonlarni koʻramiz.
Oʻylaymanki, soʻnggi yillarda barcha sohalar qatori madaniyat tizimida, jumladan, teatrlarimiz hayotida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilayotganidan barchangiz xabardorsiz.
Shu borada qabul qilingan qator farmon va qarorlar sohani yanada rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xalqimiz, birinchi navbatda, yoshlar oʻrtasida teatr sanʼatiga boʻlgan qiziqish va eʼtiborni kuchaytirishga qaratilgandir.
Kuni kecha “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” hamda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qabul qilingan Prezident qarorlarida ham ana shu masalalarga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etish lozim.
Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha hududlarimizda yangi-yangi ilm-fan va madaniyat maskanlari, zamonaviy teatr va amfiteatrlar barpo etilmoqda, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniya va banklar ishtirokida tuzilgan “doʻstlar klublari” faoliyat koʻrsatmoqda.
Ushbu sohaga mehr va havas qoʻygan yoshlarimizning isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish uchun ijodiy tanlov va festivallar oʻtkazilmoqda, yangi taʼlim dargohlari bunyod etilmoqda. Hududlarimizda madaniyat yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining filiallari ochilmoqda, ularga qabul kvotalari oshirilmoqda, kam taʼminlangan oilalarga mansub isteʼdodli qizlarimizga alohida imtiyozlar berilmoqda.
Bu haqda gapirganda, jumladan, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti, Margʻilon shahar musiqali maqom teatri tashkil etilganini taʼkidlash lozim.
Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida hozirgi vaqtda poytaxtimizda Oʻzbek Milliy akademik drama teatri uchun eng yuksak zamonaviy xalqaro talablarga toʻla javob beradigan yangi muhtasham bino barpo etish boʻyicha katta tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilganini sizlarga maʼlum qilish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning oʻzi barchamizning oldimizga oʻta muhim va murakkab vazifalarni qoʻymoqda. Xususan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Biz bu yoʻlda barcha ijodkor ziyolilarimiz qatori siz, hurmatli sanʼatkorlarimizning isteʼdod va salohiyatingiz, bilim va tajribangiz, ezgu fazilatlaringizga tayanamiz.
Sizlarning yangi Oʻzbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etishda tashabbus va jonbozlik koʻrsatayotgan yurtdoshlarimizning badiiy yetuk obrazlarini yaratish, ularning fidoyiligi va matonatini mahorat bilan tarannum etish borasidagi ijodiy mehnatingiz va izlanishlaringizni biz bundan buyon ham keng qoʻllab-quvvatlaymiz.
Barcha madaniyat xodimlari kabi teatr sanʼati vakillarini ham har tomonlama ragʻbatlantirish, ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy eʼtibor markazida boʻladi.
Aziz va muhtaram doʻstlar!
Sizlarni bugungi qutlugʻ ayyom – Xalqaro teatr kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat va ilhom yor boʻlishini tilayman.
Teatrlarimiz sahnalarida, ijodiy jamoalaringizda mana shunday quvonchli kunlar koʻp boʻlsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin!
Yuksak hurmat va ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti