Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining qoʻshma konferensiyasi ishtirokchilariga

0
32
marta koʻrilgan.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi nufuzli anjuman – Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining qoʻshma konferensiyasi ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qoʻshma konferensiya Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgani uchun Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi prezidenti Key Vi Shrinavasan va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi prezidenti Chem Altan janoblariga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Mazkur anjumanda qatnashayotgan sohaning yuqori martabali vakillariga, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlariga ham tashakkur izhor etaman.

Qadimiy buyuk ipak yoʻli durdonasi, usta hunarmandlar yurti boʻlgan azim Samarqand shahriga xush kelibsiz!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz keyingi yillarda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, xorijiy va mahalliy investorlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida qatʼiy qadamlar tashladik.

Har bir soha va tarmoqda boʻlgani kabi, toʻqimachilik va kiyim-kechak sanoatida ham keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Eng avvalo, paxta yetishtirishda davlat monopoliyasiga barham berildi, xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonni toʻliq qamrab olgan klaster tizimi yaratildi va bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.

Sohadagi islohotlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, Oʻzbekistonga nisbatan “paxta boykoti” bekor qilindi. Bu borada “Cotton Capaign” xalqaro koalitsiyasi bilan hamkorligimiz davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, barqaror qonunchilik bazasi yaratilgani, investitsiyaviy muhit yaxshilangani, yangi texnologiyalar joriy etilgani natijasida paxta tolasini qayta ishlash 2017 yildagi 40 foizdan 100 foizga yetdi. Ayni vaqtda chetdan tola va xomashyo olib kelib, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi ishlar ham boshlandi.

Sohada yaratilgan imkoniyatlar tufayli toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 barobar koʻpaydi, ularning eksporti 4 karra ortdi.

Eng muhimi, ilgari sohada eksportning salmoqli qismi, yaʼni 70 foizi xomashyo hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bugungi kunda chetga sotilayotgan tovarlarning 60 foizini tayyor mahsulotlar tashkil etmoqda.

Biz islohotlarni boshlagan ilk davrdayoq inson kapitalini rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar va ayollarni kasbga oʻrgatish, barcha sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik va bu masalalar bundan buyon ham diqqatimiz markazida boʻladi.

Korxonalardagi ishchilar uchun xalqaro talablarga javob beradigan, munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda, “Better Work” va “Better Cotton” dasturlari tizimli joriy etilmoqda.

Sohada band boʻlgan 600 mingdan ziyod aholining mehnat huquqlarini taʼminlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, toʻqimachilik sohasida milliy brendlarni yaratish, mamlakatimizga nufuzli xalqaro va xorijiy brendlarni jalb etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

Mamlakatimizda Germaniyaning “Timdres”, Italiyaning “Kotonella”, Singapurning “Indorama”, Koreyaning “Posko Interneyshnl” va “Yang-van” kompaniyalari kabi jahon bozorining nufuzli ishtirokchilari samarali faoliyat olib bormoqda.

Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati jahondagi ishlab chiqarish jarayonlariga faol integratsiya boʻlib, dunyoning barcha qitʼalarida ishonchli hamkorlarimiz koʻpaymoqda.

Taʼkidlash joizki, xorijiy investorlar va xalqaro brendlar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, milliy brendlarni xalqaro darajaga olib chiqish – kelgusida ham toʻqimachilik sanoatidagi ustuvor yoʻnalishlarimiz boʻlib qoladi.

Ishonchim komil, bugungi konferensiya ushbu sohada oʻzaro hamkorlikni xalqaro miqyosda yanada yuksaltirish va mustahkamlash, ilgʻor tajriba va gʻoyalar bilan almashish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qiladi.

Bu esa, anjumanda ishtirok etayotgan 500 dan ziyod milliy va xalqaro tashkilotlar, ishlab chiqaruvchilar va “riteyl” kompaniyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, soha rivojini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini beradi, deb umid qilaman.

Biz xorijiy hamkorlarimizning oʻzaro manfaatli barcha tashabbuslarini yuksak baholaymiz va qoʻllab-quvvatlaymiz. Jumladan, xalqaro brendlar Oʻzbekistonga kirib kelishi uchun zarur standartlarni joriy etishda har tomonlama koʻmaklashamiz.

Nufuzli xalqaro tashkilotlarga konferensiya, koʻrgazma, moda namoyishlarini yurtimizda, ayniqsa, turizm va sanoat salohiyati yuqori boʻlgan Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Margʻilon, Qoʻqon, Namangan, Andijon shaharlarida muntazam oʻtkazib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Aminmanki, yurtimizning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, mehnatkash va olijanob xalqimiz bilan uchrashuvlar sizlarda unutilmas taassurotlar qoldiradi, hududlarimizning ulkan ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati esa, investorlarni yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishga undaydi.

Sizlarni bugun oʻz ishini boshlayotgan yirik anjuman bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.