Xalqaro turizm markazi – Samarqandning yangi sayqali

0
312
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 23 avgust kuni Samarqandga keldi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Markazdan oʻrin olgan “Boqiy shahar” majmuasi hovlisida samarqandlik nuroniylar, ziyolilar bilan samimiy suhbat boʻldi. Ushbu inshootlar xayr-barakali boʻlishini, bunday yaxshiliklar koʻp boʻlishini tilab, duo qilindi.

Shundan soʻng “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi boʻldi.

Unda davlatimiz rahbari nutq soʻzlab, barchani ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.

— Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi yana bir salmoqli, zafarli natija boʻldi. Qadimiy va navqiron Samarqand bagʻrida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulugʻvor meʼmoriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin, buyursin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Samarqand – milliy davlatchiligimizga asos boʻlgan, tariximizdagi ikkala Renessans davrida ham muhim oʻrin tutgan shahar. Shu bois sayyohlar bu yerga asosan qadimiy obidalarni koʻrish va tabarruk joylarni ziyorat qilish uchun kelar edi. Turizmning boshqa yoʻnalishlari uchun zamonaviy majmualar yoʻq edi.

2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha boshlandi — Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida, 212 gektar maydonda ulkan majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali meʼmor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa  jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy meʼmorchilik anʼanalarimiz va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdi.

Shu tariqa qisqa vaqtda, pandemiyadagi qiyinchiliklarga qaramay, ushbu ulkan majmua qurib bitkazildi.

Bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va koʻplab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat koʻrsatishi mumkin.

— Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar oʻrtasidagi ramziy koʻprik boʻladi, deb ishonaman, — dedi Prezident.

Markazga “Buyuk ipak yoʻli” deb nomlanganida chuqur maʼno bor. Bu yerda oʻsha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Soʻgʻd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.

Bu yerda qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasi tashkil etilgan. Unda ustalar yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam toʻqish kabi jarayonlarini sayyohlarga namoyish etadi.

Bu mamlakatimizda sayyohlik industriyasini rivojlantirish borasidagi ulkan ishlarning bir qismi. Yangi turizm markazi kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 1,5 milliondan oshirishda muhim oʻrin tutadi. Umuman olganda, kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazish maqsad qidingan. Eng muhimi, turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi.

Shuningdek, bu yerdagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll yirik anjumanlar oʻtkazish uchun ham sharoit yaratadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar shu yerda boʻlib oʻtadi. Kelgusi yilda esa, qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yigʻilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham oʻtkaziladi.

“Boqiy shahar dostoni” musiqali hikoyasi yangi markazning obrazli ifodasi boʻldi. Xalqimiz va dunyo sanʼati uygʻunlashgan shou marosimga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.