Xalqaro Velosipedchilar Ittifoqi (UCI) Prezidenti David Lapartye boshchiligidagi delegatsiya 21 dekabr kuni Milliy olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Toshkentga uyushtirlgan safari davomida Lapartyega Osiyo velosport Konfederatsiyasi Prezidenti Usama Ahmad Abdulloh al Shafar hamrohlik qilmoqda, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.
Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib oldi. Shundan soʻng qoʻmitaning muzokaralar zalida tomonlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Alisher Sultanov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, shuningdek, Oybek Kasimov va Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev ishtirok etishdi.
A.Sultanov mehmonlarni qutlar ekan, velosport Oʻzbekistonda eng ommaviy sport turlaridan biri ekanligiga alohida urgʻu berib oʻtdi. Milliy olimpiya qoʻmitasi Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlik rishtalarini rivojlantirishga har tomonlama tayyor ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Velosport aholini ommaviy tarzda sportga jalb etish masalasida juda qulay va samarali vosita ekanligini bildirdi.
Oʻz navbatida D.Lapartye samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilar ekan, milliy federatsiyalar bilan aloqalarni mustahkamlash Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi. Bu borada velosportning barcha yoʻnalishlarida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga va mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada ommalashtirish va rivojlantirish maslalarida yordam berishga tayyorligini izhor qildi.
Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.Qurbonov esa Oʻzbekistonda sportga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilishi, mamlakatimiz ajoyib sport infratuzilmasiga ega ekanligi va yurtimizda nufuzli xalqaro musobaqalarni oʻtkazish uchun barcha sharoitlar borligi xususida gapirdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda velosport turini yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yilda Toshkent velotrekida Osiyo kubogi, 2019 yilda esa shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionatini oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xalqaro velosipedchilar Ittifoqi va Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi oʻrtasida hamkorlik doirasini kengaytirish masalasi koʻrib chiqildi.