Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevning
lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan
Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli Senat aʼzolari!
Hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari!
Xorijiy diplomatik korpus vakillari!
Xonimlar va janoblar!
Mana shu tarixiy va hayajonli daqiqalarda avvalo menga yuksak ishonch bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻiga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrogʻiga yuksak hurmat bajo keltiraman.
Aziz doʻstlar!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilaman.
Boʻlib oʻtgan Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida oʻtkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bagʻishladi. Ushbu saylovda xalqimiz oʻz xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi Oʻzbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Mamlakatimiz hayotidagi gʻoyat muhim va masʼuliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yoʻlimiz naqadar toʻgʻri ekanini yana bir marta tasdiqladi.
Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy davlatdan 331 nafar vakil xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. Bularning barchasi ushbu saylov jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotganini koʻrsatadi.
Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sogʻlom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida oʻtganini eʼtirof etdilar. Bu, oʻz navbatida, barchamizni birlashtirib, oʻz kuch va imkoniyatimizga boʻlgan ishonchimiz, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi masʼuliyatimizni yanada oshirishi tabiiy, albatta.
Hurmatli tantanali marosim qatnashchilari!
Olijanob va bagʻrikeng xalqimiz menga yana bir bor katta ishonch bildirib, buyuk Vatanimiz taqdiri uchun butun masʼuliyatni oʻz zimmamga olish imkonini berganini shu hayajonli lahzalarda yanada chuqur anglab, qalbim cheksiz gʻurur va iftixor tuygʻulariga toʻlmoqda.
Shu bilan birga, bugun yelkamga qanday ulugʻvor masʼuliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.
Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va eʼtibor uchun koʻpmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan taʼzim qilaman.
Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasi davomida asosiy tayanchim boʻlgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining aʼzolari va faollariga, biz bilan hamfikr boʻlib, nomzodimni qoʻllab-quvvatlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga chin qalbimdan tashakkur aytaman.
Saylovda munosib ishtirok etgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod – Robaxon Mahmudovaga, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan – Ulugʻbek Inoyatovga, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan – Abdushukur Hamzayevga alohida minnatdorlik bildirib, ularning kelgusi ishlariga yutuq va omadlar tilayman.
Albatta, biz turli siyosiy partiyalarga mansub boʻlishimiz, turli gʻoya va qarashlar tarafdori boʻlishimiz mumkin. Demokratiya degani ham aslida shu. Ammo mohiyat eʼtibori bilan qaraganda, barchamizning, butun Oʻzbekiston xalqining maqsadi bir. Bizning barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi.
Shu sababli biz saylovda qatnashgan partiyalarimiz dasturlaridagi eng muhim fikrlar va amaliy takliflarni kelgusi faoliyatimizda albatta eʼtiborga olamiz. Barchamiz Yangi Oʻzbekiston degan yagona va ulugʻ maqsad atrofida yanada jipslashib, xalqimizning orzu-armoni boʻlgan mana shu ezgu gʻoyani amalga oshirish yoʻlida hamkorlik qilamiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Bugun, ushbu tantanali marosimda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilariga, barcha tuman va shaharlarimiz, qishloq va ovullarimiz aholisiga, yurtimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollariga, fuqarolik instituti vakillariga, hayotimizning nuru ziyosi boʻlgan aziz faxriylarimizga, jamiyatimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshib kelayotgan qadrli opa-singillarimizga, kelajagimiz egalari – navqiron yosh avlodimizga, suyukli oʻgʻil-qizlarimga, chet ellarda taʼlim olib, mehnat qilayotgan, Vatan mehri bilan yashayotgan barcha vatandoshlarimizga chin yurakdan tashakkur bildiraman.
Ayni vaqtda ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, bunyodkor quruvchilarimizga, fidoyi ustoz va murabbiylarga, ilm-fan, ijod va sanʼat ahliga, muhtaram ulamolarimizga, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlariga, dunyodagi eng ulugʻ va sharafli vazifani ado etayotgan jasur harbiylarimizga, barcha Vatan himoyachilariga, jahon maydonlarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarayotgan matonatli sportchilarimizga alohida rahmat aytaman.
Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, mahalliy hokimliklar hamda xorijiy mamlakatlardagi elchilarimizga, diplomatik vakolatxonalarimiz xodimlariga, saylov jarayonlarida qatnashgan mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʻllagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni bildiraman.
Qadrli vatandoshlar!
Xalqimizning bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bogʻlab, avvalgidan ikki-uch karra koʻproq gʻayrat va shijoat bilan ishlashni talab etadi.
Shu maʼnoda, oldimizda turgan davr Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.
Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi.
Oʻzingiz koʻrib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin oʻzgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib boʻlmaydigan jarayonlardan iborat oʻta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.
Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va toʻqnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi boʻyicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.
Dunyo miqyosida iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil boʻlib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Biz mana shunday ogʻir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona toʻgʻri yoʻlni – samarali ichki va tashqi siyosat yoʻlini aniq belgilab olishimiz va uni qatʼiy amalga oshirishimiz lozim.
Islohotlarimizning taʼsirchanligi va bardavomligini taʼminlash uchun yoʻlimizda uchrashi mumkin boʻlgan barcha xavf-xatar, toʻsiq va gʻovlarni hisobga olishimiz va ulardan talafotsiz oʻtish choralarini koʻrishimiz zarur.
Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-eʼtiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning oʻzi talab etayotgan yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.
Biz oʻtmishdan, kechagi tariximizdan, yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, Oʻzbekistonimizning dunyodagi oʻrni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, Vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak.
Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib boʻlmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas.
Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, ogʻir-vazmin boʻlib yengib oʻtishimiz kerak.
Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar oʻzlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur.
Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim oʻzgaradi, vaziyat oʻzgaradi, samaradorlik oʻzgaradi.
Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish boʻyicha qatʼiy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning oʻzi barchamizni tezkor boʻlishga, kerak boʻlsa, vaqtdan oʻzib ishlashga undamoqda.
Kimki “Saylov oʻtdi – safarbarlik tugadi”, deb oʻylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni oʻzimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?
Kelgusi yetti yilga moʻljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.
Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz surʼati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan ortga qaytmaymiz.
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart.
Hurmatli deputat va senatorlar!
Yangilangan Konstitutsiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish kelgusi faoliyatimizning asosiy maʼno-mazmunini tashkil etadi.
Saylovchilar bilan boʻlgan barcha uchrashuvlarda men hayotimizni yaxshilash, uni har tomonlama erkinlashtirish haqida odamlarimizning juda koʻplab fikr-mulohazalari, taklif va talablari bilan yaqindan tanishdim. Ularning asosiy qismi biz ishlab chiqayotgan taraqqiyot dasturidan albatta oʻrin oladi.
Shu maqsadda mavjud huquqiy-meʼyoriy bazani yangilash boʻyicha oldimizda keng koʻlamli ishlar turganini sizlar albatta yaxshi tasavvur qilasiz. Yaʼni, qanday yangi qonunlarni qabul qilish, qaysi qonun hujjatlarini oʻzgartirish kerakligini sizlar hammadan koʻra yaxshi bilasiz. Chunki sizlar el-yurtimiz ishonch bildirgan, qonuniy vakolat bergan xalq vakillarisiz.
Qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etishda biz sizlarga, sizlarning boy tajribangiz, bilim va salohiyatingizga, fidoyilik fazilatlaringizga tayanamiz.
Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilganidek, jonajon Oʻzbekistonimizni millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantiramiz. Jumladan, taʼlim va tarbiya, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli taʼminlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash boʻyicha belgilab olgan vazifalarni albatta bajaramiz.
Biz uchun Vatan ramzi boʻlgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi boʻgʻinga aylantiramiz.
Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish oʻrinlari ochish, aholi daromadlarini koʻpaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning bandligini oshirish eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz keksalarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz.
Saylovoldi uchrashuvlarida milliy oʻzligimiz va ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash boʻyicha belgilab olgan vazifalarni sizlar bilan, keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiramiz.
Oʻzbekistonda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va eʼtiqod erkinligi kafolatlari soʻzsiz taʼminlanadi.
Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, soʻz va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga boʻlgan huquqlarini kafolatlaymiz.
Oʻzbekiston fuqarolari dunyoning qaysi oʻlkasi yoki mintaqasida boʻlmasin, qonunlarimiz himoyasida boʻladi. Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlaymiz.
Qadrli vatandoshlar!
Saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududdagi eng dolzarb masala bilan bogʻliq ustuvor yoʻnalishlarni muhokama qilib olganimiz albatta bejiz emas.
Maqsad – markaziy vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va jamoatchilikni ana shu muammolar ichiga chuqurroq olib kirish, har bir hudud boʻyicha yechimlarni aniq-aniq koʻrsatib berish edi.
Endi hukumat ham, vazirlik va idoralar ham, mahalliy hokimliklar ham ana shu yoʻnalishlar boʻyicha ishlaydi. Maqsad – aniq, vazifa – aniq, amalga oshiriladigan loyihalar – aniq, zarur mablagʻlar ham aniq-ravshan belgilab berilgan.
Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan koʻz tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart.
Barcha boʻgʻindagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz.
Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qoʻpol munosabatda boʻladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim boʻladimi, boshqa masʼul vazifadagi amaldor boʻladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz. Ularning oʻrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qoʻyamiz.
Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman.
Iqtisodiyot sohasida ham tub burilishlarni amalga oshiramiz. “Yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillarini yanada keng joriy etamiz. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini bir necha barobar oshiramiz.
Biz 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra oldik. Bunga erishish albatta oson boʻlmaydi. Lekin bu yoʻlda aniq hisob-kitoblarimiz, real imkoniyatlarimiz bor. Tabiiy boyliklarimiz, mehnat resurslarimiz, intellektual va maʼnaviy salohiyatimiz, ish tajribamiz yetarli.
Men Oʻzbekiston yoshlariga yana bir bor murojaat qilmoqchiman: aziz oʻgʻil-qizlarim, bugun tarixning oʻzi, zamonning oʻzi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.
El-yurt koriga avvalo kim yaraydi?
Albatta, sizlar!
Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?
Albatta, sizlar!
Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?
Albatta, sizlar!
Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.
Sizlar Oʻzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.
Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting!
Izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!
Baxt va omad doimo sizlarga yor boʻlsin!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa boʻlib qoladi.
Biz, hech shubhasiz, ekologik muvozanat, musaffo havo, toza suv, bezavol tabiat tarafdorimiz. Bu masala biz uchun boshqalarga qaraganda nihoyatda dolzarb va muhimdir. Nega deganda, biz dunyodagi eng katta ekologik ofat – Orol fojiasini bevosita oʻz boshidan kechirayotgan xalqmiz. Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikamizda bebaho ekologik tizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli dasturlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Biz kelgusida bu ishlarni yanada jadal davom ettiramiz.
Yangi quriladigan sanoat korxonalari loyihalarida bu masala boʻyicha qattiq nazorat oʻrnatiladi. Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ham barcha zarur chora-tadbirlarni koʻramiz.
Ayni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun koʻradigan mamlakat boʻlib qolmasligimiz kerak. Biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur.
Mamlakatimizda bugun mavjud boʻlgan sanoat salohiyati, ochiq aytish kerak, dunyodagi koʻpgina davlatlarda yoʻq. Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh boʻlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish boʻyicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz.
Biz nafaqat mohir paxtakor va bogʻbonlar oʻlkasi, balki IT boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʻlishimiz kerak.
Qadrli vatandoshlar!
Oʻzbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari koʻp. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bu – yagona, ahil oila boʻlib yashayotgan koʻpmillatli xalqimizdir.
Boʻlib oʻtgan saylovlar bu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
Barchamiz millatimiz, tilimiz va dinimizdan qatʼi nazar, dunyomiz, el-yurtimiz tinch boʻlsin, Oʻzbekistonimiz obod va farovon boʻlsin, farzand va nevaralarimiz sogʻlom boʻlib, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, hayotda oʻz oʻrni va baxtini topsin, degan ezgu niyat bilan yashaymiz.
Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga oʻz tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz.
Ishonchim komil, azaldan doʻstlik va hamjihatlik maskani sifatida shuhrat qozonib kelgan Oʻzbekiston zamini bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bagʻrikenglik diyori boʻlib qoladi.
Muhtaram doʻstlar!
Hozirgi tahlikali zamonda yurtimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlashning ishonchli kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor vazifamizdir. Shu maqsadda biz milliy armiyamiz qudratini, askar va ofitserlarimizning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirishga eʼtiborni yanada oshiramiz.
Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻramiz.
Biz chuqur oʻylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi harakatlarimizni izchil davom ettiramiz.
Avvalo, mintaqamiz mamlakatlari bilan yaqin doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kuchaytirish asosiy maqsadimiz boʻladi.
Dunyoning uzoq-yaqin davlatlari bilan oʻzaro manfaatli va koʻpqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor beramiz.
Yaqin qoʻshnimiz boʻlgan Afgʻonistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash uchun afgʻon xalqiga qoʻlimizdan kelgan barcha yordamni koʻrsatamiz. Ushbu mamlakat bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro mintaqaviy tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar bilan koʻp tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtaramiz.
Aziz va qadrli yurtdoshlarim!
Biz sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birgalikda tarixan qisqa davrda, boshimizga tushgan qiyinchilik va mashaqqatlar, pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdik.
Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi, hayotimizning turli soha va tarmoqlari tubdan oʻzgarmoqda. Xalqimiz biz orzu qilgan oʻzgarishlarning dastlabki mevalaridan bahramand boʻlmoqda.
Donishmandlar aytganlaridek, olgʻa yurishni oʻylagan inson uchun qoʻrquv, ikkilanish, shubha va gumon – eng katta dushmandir.
Biz dadil oldinga intilib, qoʻrquv va hadikdan xalos boʻldik. Dunyo bizga ochildi va biz dunyoga ochildik. Jahonda qancha-qancha doʻst va hamkorlar orttirdik. Yuksak irodamiz, qatʼiy saʼy-harakatlarimiz bilan yana bunyodkor xalq, bunyodkor millat boʻlib maydonga chiqdik.
Men saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz vakillari bilan chin dildan muloqot qilib, bu haqiqatga toʻla ishonch hosil qildim. Odamlarimiz katta maqsadlarga intilishdan, tashabbus koʻrsatishdan, yangilik yaratishdan qoʻrqmayapti. Aksincha, bundan zavq va ilhom olib, yanada faol ishlayapti.
Xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgargani, uning qalbida oʻziga, ertangi kunga ishonch paydo boʻlgani – bu bizning eng katta yutugʻimiz.
Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi. Mana shunday ulugʻ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar boʻlib, uni yorugʻ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.
Hayotimning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-gʻayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman.
Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogoʻy otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, ruh va ilhom beradi.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikda Yangi Oʻzbekistonni – inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!
Barchamizni mana shunday ulugʻ maqsadlar yoʻlida birlashtirgan xalqimiz, Vatanimiz doimo omon boʻlsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!
Yashasin Oʻzbekiston!
Yashasin Oʻzbekiston xalqi!