Oliy darajadagi Oʻzbekiston – Qozogʻiston muloqoti samimiy va amaliy ruhda oʻtdi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning turli sohalariga oid oʻnga yaqin hujjat imzolandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qoʻshma bayonotni qabul qildilar. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida bitimlar, “Markaziy Osiyo” savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum va boshqa sohalarga oid kelishuvlar imzolandi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2019-2020 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Qozogʻiston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum qabul qilindi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda davlat rahbarlari muzokaralar qardoshlik munosabatlariga xos anglashuv va samimiyat ruhida oʻtganini, hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha koʻrib chiqilib, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilganini taʼkidladilar. Ushbu davlat tashrifi mamlakatlarimizning strategik sheriklikni mustahkamlashga, mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga intilishi qatʼiy ekanini koʻrsatdi.