Xorazm viloyati drama teatrida Oʻzbekiston va Turkmaniston sanʼat ustalari ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.
Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat vakillari hamkorlikda konsertlar, festivallar, koʻrgazmalar tashkil etmoqda, turli tanlov va musobaqalarda qatnashmoqda. 2016 yil noyabrda mamlakatimizda Turkmaniston madaniyati kunlari, 2017 yil noyabrda esa Turkmanistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi.
Yurtimizda turkman milliy madaniyat markazlari, qoʻshni mamlakatda oʻzbek milliy madaniyat markazlari tashkil etilgan. Oʻzbeklar va turkmanlarning oʻz tili, madaniyatini boyitishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Konsertda oʻzbek va turkman tilida kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Bu xalqlarimizning azaliy qardoshligi, madaniy yaqinligini yana bir bor namoyon etdi, ikki mamlakatning mumtoz va zamonaviy sanʼati bilan keng tanishish uchun qulay imkoniyat boʻldi.