Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi yillarda barcha soha va yoʻnalishlarda fundamental islohotlar amalga oshirildi. Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish uning birinchi maqsadi etib belgilangan.
Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi barcha sohalar inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 5,4 foiz oʻsgan. Sanoat, qurilish, savdo va xizmatlar sohalaridagi rivojlanish surʼatlari ham, pirovardida, aholi turmushida namoyon boʻlmoqda.
Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari, ijtimoiy tarmoqlar va soʻrovlar orqali soha va hududlardagi muammolar, odamlarning adolatli takliflari oʻrganib borilmoqda. Ular asosida xalqimizni rozi qiladigan qarorlar qabul qilinmoqda.
Jumladan, tadbirkorlik boʻyicha litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, muddatlari qisqartirildi. Yil boshidan buyon 50 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Aholi sotib olgan uylarning 28 foizi ipoteka kreditlari hisobiga moliyalashtirildi. 1 sentyabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat byudjetidan 2 million soʻmlik homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlab berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Yigʻilishda aholi va biznesni qiynab kelayotgan muammolar, ular boʻyicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Asosli takliflarni qanoatlantirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.
Prezident xalqimizni rozi qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.