Joriy yilning 8-14 yanvar kunlari Budapesht shahrida XII Xalqaro sirk festivali boʻlib oʻtdi. Bu festivalga 15 ta davlatdan 126 nafar ishtirokchilar jalb qilindi.
Ular orasida yurtdoshlarimiz mashhur Xametovlar sulolasi vakillari Rustam, Kamila va Dalerlar qatnashib, jonglyor, illyuziya, klounada, gimnastika, havo akrobatlari kabi janrlar boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Hakamlarga Charli Chaplinning oʻgʻli Yudjin Chaplin boshchilik qildi.
Bir necha yillardan beri dunyoni lol qoldirib kelayotgan bu mahorat ustalari oʻz chiqishlari bilan dunyo sahnalarini zabt etib, oʻzbek sirk sanʼatini jahonga tanitib kelishmoqda Xametovlarning oilaviy uchligi festivalda “Remni” nomli tomoshani namoyish etdi.
Sirkchilarimizning chiqishlarida gʻayrioddiy, hayajonli vaziyatlar va xavfli harakatlar mavjudligi tufayli tomoshabinlarning guldiros olqishlariga sazovor boʻlishdi. Sirk festivalining 126 nafar qatnashchilar oʻrtasida yurtdoshlarimiz oltin medalni qoʻlga kiritishdi. Albatta, bu yutuqqa sulola vakillari oʻz kasbiga sadoqati, tinimsiz mehnati va izlanishlari tufayli erishdi.
Yurtdoshlarimiz ularni aeroportda hurmat va ehtirom bilan kutib olishdi.
XURSHIDA HUSENOVA