Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo oʻyinlarining finaliga yoʻl olgan mashhur bokschimiz Bahodir Jalolov yarim finaldagi gʻalabasi orqali Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga ham yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Bu Jalolov uchun faoliyatidagi uchinchi Olimpiada yoʻllanmasi!
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Abdumalik Xaliqov ham finalchilar qatoridan joy oldi. -57 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan yurtdoshimiz yarim finalda xitoylik Ding Lyuni 5:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Ushbu gʻalaba final bilan birga yurtdoshimizga Parij-2024 yoʻllanmasini ham taqdim qildi.
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Doʻsmatov qatorasiga ikkinchi bor Osiyo oʻyinlarining finaliga yoʻl olmoqda. -51 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz yarim finalda yaponiyalik Tomoya Suboiga qarshi bahs olib bordi. Ikki jahon chempionlari oʻrtasidagi bahsda yurtdoshimizning qoʻli baland keldi. Shuningdek, ushbu gʻalaba Doʻsmatovga Parij-2024 Olimpiadasi yoʻllanmasini ham taqdim qildi. Uning finaldagi raqibi tailandlik Titisan Panmot boʻladi.
Ogʻir atletikachimiz Muhammadqodir Toshtemirov Oʻzbekiston delegatsiyasiga kumush medal keltirdi. -81 kg vazn toifasida ishtirok etgan polvonimiz dast koʻtarishda 159 kg, siltab koʻtarishda 192 kg, ikki kurashda esa 351 kg natija qayd etib, kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Mahoratli yosh bokschimiz Toʻrabek Habibullayev Osiyo oʻyinlari sovrindoriga aylandi. -80 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan hamyurtimiz yarim finalda xitoylik Tanglatixan Toʻxtarbekka qarshi ringga koʻtarildi. Qiziqarli jang mezbon bokschining gʻalabasi bilan yakunlandi va yurtdoshimiz Osiyo oʻyinlarining bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Jalgasbay Berdimuratov (-87 kg) delegatsiyamiz hisobiga oʻn beshinchi oltin medalni keltirdi. Hamyurtimiz final bellashuvida eronlik Nosir Alizodani magʻlub etib, Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi.
Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi oʻn yetti yoshli Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida oltin medalga sazovor boʻldi. U qayd etgan 14.09 metr natijani hech bir raqibi yangilay olmadi va Davronova Osiyo oʻyinlari chempionligiga erishdi.
Safina Saʼdullayeva oltin medali bilan oʻzbek yengil atletikasi yoʻnalishida ayollar oʻrtasida balandlikka sakrash dasturida qitʼamizda tengsiz ekanini qatorasiga toʻrtinchi bor isbotlandi. Yana bir atletikachimiz Svetlana Radzivil esa kumush medal sohibi boʻldi.
Kanoyeda eshkak eshish boʻyicha Shohmurod Xolmurodov hamda Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli oltin medal sohiblari boʻlishdi.
Suvga sakrash boʻyicha (10 metrli platformadan) erkaklar oʻrtasida saralash bahslari yakunlandi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Igor Myalin 341.30 ball jamgʻardi. Ushbu natija orqali hamyurtimiz toʻqqizinchi oʻrin bilan finalga yoʻl oldi.
Ot sportining konkur bahslarida yakkalik va jamoaviy yoʻnalishdagi bellashuvlarda Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi chavandozlarimiz medallar uchun kurashni davom ettirishmoqda.
Gujum.uz